Yaponiyaning ilk ayol Bosh vaziri haqida nimalar ma’lum?
Tahlil
−
21 Oktabr 5653 8 daqiqa
Yana bir ayol kishi qudratli davlatlardan birini boshqaradigan bo‘ldi. Yaponiyaning yangi Bosh vaziri butun mamlakat tarixida hukumatni idora qiladigan ilk ayol ekani ham e’tiborga molik. 21 oktyabr kuni Yaponiya parlamenti Sanae Takaitini mamlakatning yangi Bosh vaziri sifatida tasdiqladi.
Sanae Takaiti butun hayoti davomida zarbli cholg‘u asboblarini yaxshi ko‘rgan. Kollejdagi guruhda barabanchi bo‘lganidan beri, 64 yoshli siyosatchi Black Sabbath va Iron Maiden kabi guruhlarning muxlisi bo‘lib qolgan. Yaponiya OAVlarining xabar berishicha, u shunchalik qattiq chalar ediki, baraban tayoqchalari sinib qolmasligi uchun har doim to‘rt juft zaxira tayoqchani ham olib yurar edi. Yaponiyaning yaqinda saylangan Bosh vaziri hali ham bu musiqaga o‘zgacha mehr bilan qaraydi. Uning uyida elektron baraban bor va u, ayniqsa, turmush o‘rtog‘i bilan bog‘liq stressni yengish uchun barabanini chaladi.

“Men u uxlab qolganidan keyin chalaman”, dedi u yaponiyalik yutuber bilan so‘nggi suhbat chog‘ida hazil bilan.
Mana shu “xevi-metal ruhi” uning barqaror, biroq noodatiy siyosiy o‘sish yo‘lini ham belgilab bergan. Qat’iy konservator va ko‘p yillik parlament a’zosi bo‘lgan Takaiti 21 oktyabr kuni Yaponiya parlamenti tomonidan mamlakatning yangi Bosh vaziri sifatida tasdiqlandi. Yaponiyaning ilk ayol bosh vaziri sifatida u endi ulkan muammolar ro‘yxatiga duch keladi.
“Yaponiyaning Tetcheri” bo‘lish orzusi
Takaiti uzoq yillar davomida milliy va an’anaviy qadriyatlarga asoslangan konservativ siyosatni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Uning g‘alabasi – erkaklar hukmronligi kuchli bo‘lgan Yaponiya siyosiy tizimida kutilmagan yutuq bo‘lib, an’anaviy konservatizm hanuz tirik ekanini ko‘rsatdi va hukmron LDP (Liberal-demokratik partiya) saylovchilariga umid bag‘ishladi.
U millatparvar lobbi guruhi Nippon Kaigi (“Yaponiya konferensiyasi”)ning faol a’zosi bo‘lib, vatanparvar ta’lim tizimini ilgari suradi. Shuningdek, u Yaponiyaning tinchlikni e’lon qiluvchi konstitutsiyasiga, ayniqsa, urushdan voz kechish va harbiy kuchlarni taqiqlovchi 9-moddasiga o‘zgartirish kiritish tarafdori.
Erkak siyosatchilarning ko‘pchiligidan farqli ravishda, Takaiti siyosiy oiladan emas. U Nara prefekturasida avtomobil kompaniyasida ishlagan otasi va politsiyachi onasining qizi sifatida tug‘ilgan.

Siyosatga kirishishdan oldin u AQSHdagi Demokratik partiya vakili qo‘l ostida amaliyot o‘tagan hamda televideniyeda siyosiy sharhlovchi bo‘lib ishlagan.
“U mini-yubka kiyib, mototsikl haydar, faol va noodatiy uslubda o‘zini namoyon etardi, bu uning katta yoshli, rasmiy erkak hamkasblaridan keskin farq qilardi”, dedi Meydzi universiteti siyosiy fanlar professori Hadzime Kidera CNNga.
Biroq Takaiti 1993 yilda 32 yoshida deputat bo‘lganidan keyin sevimli Kawasaki Z400GP mototsiklini tashlab, ish faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan baxtsiz hodisalardan qochish uchun masofa saqlagan. Siyosatdagi ilk qadami mustaqil deputat sifatida parlamentga kirishi bilan boshlangan. Shu davrda u keyingi o‘ttiz yil davomida sochini turmaklab keladigan sartaroshi Yukitosi Arai bilan tanishgan. Araining CNNga aytishicha, Takaiti o‘shandanoq “Margaret Tetcher kabi bo‘lishni orzu qilardi”.
“Takaitining LDP rahbarligini qo‘lga kiritganini eshitgach, “juda hayajonlandim, tanamda qultiroq paydo bo‘ldi”, degan Arai.
U iliq xotira bilan qo‘shib qo‘ygan holda, shunday dedi:
“Siyosiy faoliyatidagi ilk qiyinchiliklardan so‘ng u 1996 yilda LDPga qo‘shildi. Biz uning yangi ruhini soch turmagi orqali ifoda etishga qaror qildik va uni qisqartirdik” .
Shunday qilib, mashhur “Sanae cut”, ya’ni “Sanae soch turmagi” tug‘ildi: qilichdek o‘tkir, tartibli va band siyosatchi uchun qulay.
"Konservativ sevgi"
LDPga qo‘shilganidan beri Takaiti to‘qqiz marta qayta saylangan. U bir nechta vazirlik lavozimlarida, jumladan, gender tengligi va demografik masalalar bo‘yicha ishlagan, shuningdek, partiyaning siyosiy tadqiqot kengashiga rahbarlik qilgan. Yaqinda u Fumio Kisida hukumatida iqtisodiy xavfsizlik vaziri lavozimini egallagan.
Takaiti 2004 yilda turmush qurgan. Yaqindagi suhbatda u eri bilan hech qachon uchrashuvga chiqmagan holda turmush qurishga rozi bo‘lganini aytdi. Eri telefon orqali so‘ragan, u “seni anchadan beri kuzatib kelyapman”, degan.
“Bu jasorat va shoshma-shosharligi ba’zilarni hayratga solishi mumkin. Biroq u “men uchun yaxshi tanlov bo‘lgan”, deydi Takaiti.
“U menga sen bir kun ham yomon ovqat yemaysan, dedi. Shunda men shunchaki rozi bo‘ldim”, dedi Takaiti o‘zi yaxshi oshpaz emasligini qo‘shib qo‘ygan holda.
Yangi rahbar oldida turgan sinovlar
Yaponiyaning iqtisodiy va demografik muammolari Takaiti uchun darhol hal etishni talab qiluvchi vazifalardir. Mamlakatda tug‘ilish darajasi pasayib borayotgani natijasida ishchi kuchi qisqarmoqda. Bir vaqtning o‘zida keksalar soni ortib, ijtimoiy yuk oshmoqda. Rekord darajadagi inflyatsiya va zaif iyena aholi turmush darajasiga bosim o‘tkazib, yashash xarajatlarini ko‘taryapti.
.png)
U LDP rahbari etib saylangandan ko‘p o‘tmay, katta moliyaviy rag‘bat choralari kutilgani tufayli iyena yanada zaiflashdi. Takaiti “Sanaenomika” deb atalgan o‘z iqtisodiy dasturini ilgari surmoqda – bu uning ustozi Sindzo Abening “Abenomika”siga o‘xshash yo‘l bo‘lib, katta davlat xarajatlari va past inflyatsiyani nazarda tutadi.
“Bunday gaplar iyenani yana ham zaiflashtirishi va Yaponiyaning qarz darajasi borasida xavotir uyg‘otishi mumkin. Narhlardan qiynalayotgan oddiy aholi uchun bu ham jiddiy xavf,” dedi Meydzi universiteti professori Hadzime Kidera.
Vashington bilan savdo aloqalari ham murakkab bo‘lishi mumkin. Boz ustiga sentyabrda e’lon qilingan 550 milliard dollarlik Yaponiya–AQSH investitsiya kelishuvi bo‘yicha. Takaiti bu bitimni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan. Hozirgi holatda, Yaponiyaning AQSHdagi investitsiyalari asosan yarimo‘tkazgichlar, energetika, farmatsevtika va kema yasash sohalariga yo‘naltirilgan. Shuningdek, mamlakat har yili 8 milliard dollarlik Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib oladi. Evaziga AQSH yapon tovarlariga, jumladan, avtomobillarga, 15% miqdoridagi bazaviy boj stavkasini qo‘llaydi.
Kelishuv haqida hozircha ko‘p ma’lumot yo‘q. “Asia Group” tahlilchisi Rintaro Nisimuraning fikricha, Takaiti prezident Donald Trampning o‘zgaruvchan tabiati tufayli vaziyatni kuzatib turishni ma’qul ko‘rmoqda. Uning Vashington bilan birinchi sinovi juda tez kelishi mumkin – yangi bosh vazir lavozimiga kirishganidan bir necha kun o‘tgach Tramp bilan uchrashish ehtimoli bor.
Shunga qaramasdan, ikki konservativ rahbar o‘rtasidagi o‘xshashliklar allaqachon tilga olinmoqda. Abening shogirdi sifatida, u ustozining diplomatik uslubini davom ettirishi kutilmoqda. Abe kabi Takaiti ham Yaponiya mudofaa byudjeti keskin oshirilishini talab qilgan. Bu Vashington uchun qo‘l keladigan pozitsiya bo‘lib, Tramp ma’muriyati Tokio NATOdek 5% mudofaa sarf me’yoriga yaqinlashishini xohlagan.
Geosiyosiy jihatdan ham uni jiddiy sinovlar kutmoqda. Takaiti Xitoy masalasida qattiq pozitsiyasi bilan tanilgan – u ilgari Yaponiyadagi xitoylik fuqarolar “Xitoy razvedkasiga yordam berish burchiga ega”, degan fikrni bildirgan. Shuningdek, u Yaponiyada urush jinoyatlari “katta qilib ko‘rsatilgan”, deb hisoblaydi va doimiy ravishda urush qurbonlari, jumladan, jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar ham dafn etilgan Yasukuni ma’badiga tashrif buyurib turadi. Uning ayrim vazirlari Tayvan bilan yaqin aloqada bo‘lib, bu Yaponiyaning asosiy savdo hamkori Pekin bilan munosabatlarda tortishuv keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bilan birga, tahlilchilar fikricha, u Bosh vazir bo‘lganidan so‘ng Yasukuniga tashriflarni cheklash ehtimoli bor.
“Amalda Takaiti amaliy diplomatiya mantig‘iga rioya qiladi. U ilgari bildirgan Xitoyga qarshi qattiq bayonotlarini yumshatishiga to‘g‘ri keladi,” dedi siyosiy tahlilchi Nisimura CNNga.
Bundan tashqari, unda allaqachon ehtiyotkorlik belgilarini ko‘rish mumkin. Xususan, Takaiti Yasukuniga kuzgi bayram vaqtida bormasligini aytdi, bu esa koalitsiyadagi sheriklar uchun tinchlik belgisi sifatida qabul qilindi. Uning saylanishi, shuningdek, iyul oyida anti-immigratsiya shiorlari bilan kuchaygan o‘ng qanot populist partiya “Sanseitoning” o‘sishini ham sekinlatishi mumkin. LDP rahbarligi uchun kurashda barcha besh nomzod chet elliklar bo‘yicha qat’iyroq choralarni va’da qilgan, ammo Takaiti o‘z chiqishlarida qoidalarni buzgan sayyohlar va muhojirlar ustidan qattiq nazorat o‘rnatishni va’da qilib, alohida ajralib turgan.
U hatto Naradagi muqaddas kiyiklarga zarba bergan sayyohlar haqida tasdiqlanmagan xabarlarga tayanilgan so‘zlar aytgani uchun tanqidga uchradi. Keyinroq u bu orqali yaponiyaliklar orasida chet elliklarning “beodob xatti-harakatlari” tufayli g‘azab kuchaygani va qattiq tashvishdaligini ko‘rsatmoqchi bo‘lganini bildirib, holatga aniqlik kiritdi.
Ichkaridagi ahvol
Ichki siyosatda esa Takaiti partiyadagi yillar davom etgan mojarolardan so‘ng jamoatchilik ishonchini tiklashi kerak bo‘ladi. 2022 yilda ayrim LDP deputatlarining Birlashgan cherkov bilan aloqalari fosh bo‘lib, partiya obro‘siga putur yetgan edi. Keyingi yili bir necha deputat daromadni yashirish va pora olishda ayblandi. Bu esa aholi noroziligini kuchaytirdi.
Tanqidchilar uning ayollar huquqlari borasidagi siyosatini ikkilamchi, nomutanosib, deb baholamoqda. U turmushga chiqqan ayollarga eridan alohida familiyani saqlab qolish huquqi berilishiga qarshi. Shuningdek, u imperator oilasidagi ayol vorislikka ham qarshi. Biroq 2025 yilgi saylov kampaniyasida u bola parvarishi uchun soliq imtiyozlari va ish joylarida bolalar bog‘ini ochishga rag‘batlantiruvchi tashabbuslarni taklif qilgan. Bu uning ayollar manfaatini inobatga olgan ehtiyotkor burilish belgisi bo‘lishi mumkin.
Takaitining siyosiy sahnadagi ko‘tarilishi Yaponiya siyosiy manzarasiga yangi turtki berdi. Endi savol tug‘iladi – Takaitining saylanishi va LDPning unga bo‘lgan ishonchi partiyaning tiklanishiga olib keladimi yoki uning tanazzulini tezlashtiradimi?
Live
Barchasi