Iroqliklar O‘zbekiston korxonalari faoliyatidan hayron qolganini aytyapti – Prezident

Jamiyat

image

Iroqliklar O‘zbekistondagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari to‘g‘risida deyarli tushunchasi bo‘lmaganini aytyapti. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tayotgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Yig‘ilishda Prezident iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ta’kidlagan.

Iqtisodiy diplomatiya – yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.

Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025 yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Tarixda birinchi marta tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport miqdori 33,5 milliard dollarga yetgan. Xorijiy investitsiyalar ham keskin ko‘payib, 43 milliard dollardan oshgan. E’tiborlisi, o‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga ko‘paygan.

Shuningdek, elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan birga ishlasa, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Masalan, o‘z ishlab chiqarishi deyarli yo‘q bo‘lgan, ichki bozorni to‘ldirish uchun 100 milliard dollarlik mahsulotni chetdan solib oluvchi Iroq O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga olib kelingani ijobiy baholangan. Ular O‘zbekistondagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari O‘zbekiston mahsulotlari to‘g‘risida deyarli tushunchasi bo‘lmaganini aytyapti. Ular Iroqda O‘zbekiston korxonalarining rasmiy distribyutorini ochib, Yaqin Sharq bozorlariga jadal kirib borishni reja qilyapti.

Natijada shu yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishga kelishilgan.

Tegishli davlatlardagi elchilar Vetnam, Bahrayn, Portugaliya bilan ham shu tartibda ishlab, hamkorlar topishi va bu bozorlarga kirish bo‘yicha ishlashi kerakligi qayd etilgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Iroq O'zbekiston korxonalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing