Ijodkorlarga uy olish va ijara to‘lovini to‘lashda yordam beriladi

Madaniyat-san’at

image

Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ijodiy tashkilotlar, madaniyat va san’at muassasalariga boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillari ham ko‘p. Bugundan boshlab ularga uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha xarajatini qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.

Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylariga bepul yo‘llanma beriladi.

15 iyundan xalq artisti, xalq shoiri, xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonga ega ijodkorlarning aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ta’minlanadi.

Ashula va raqs ansambllarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 karra oshiriladi.

Raqs ustalariga pensiya uchun talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartirilib, qolgan 5 yilini baletmeyster, repetitor va pedagog sifatida davom ettirishiga ruxsat beriladi.

Prezident Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy va muhtasham Raqs saroyini barpo etishni taklif qilgan. Mutasaddilarga raqs san’atini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqish topshirilgan.

Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish, ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.

Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi berib boriladi.

Aeroport, vokzal, metro, park, yirik savdo-servis ob’ektlari, kafe va restoranlarda milliy kuy va qo‘shiqlar doim yangrab turishi kerakligi ta’kidlangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

madaniyat san'at xalq artisti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing