Kaliforniyadagi muzeydan mingdan ortiq eksponat o‘g‘irlab ketildi

Olam

image

AQSHning Kaliforniya shtati Oklend shahridagi muzeyda yuz bergan o‘g‘rilik oqibatida mingdan ortiq artefakt yo‘qoldi. Bu haqda “The Oakland Side” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning oktyabr oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar muzeyning asosiy binosidan tashqarida joylashgan saqlash omboriga bostirib kirgan. Ular turli buyumlarni, jumladan, zargarlik buyumlari, mahalliy amerikaliklarga oid savatlar va dagerotiplarni (ilk fotografik suratlar) o‘g‘irlab ketgan.

“O‘g‘rilik paytida omborda xodimlar bo‘lmagan, biroq bino ichida videokuzatuv kameralari va signalizatsiya tizimi ishlagan”, deydi muzey ijrochi direktori Lori Fogarti.

Muzey xodimlari o‘g‘irlangan artefaktlarning umumiy qiymatini aniqlash ustida ishlamoqda. Mazkur madaniy muassasaning kolleksiyasi 2 milliondan ortiq artefaktni o‘z ichiga oladi va Oklend shahriga tegishli.

Ma’lumot uchun, bu Oklend muzeyida sodir bo‘lgan birinchi o‘g‘rilik emas. 2012 yilning oxiri va 2013 yilning boshida ham muzey ikki marta talon-toroj qilingan. Jinoyatchilardan biri Andre Teyr Franklin 2014 yilda qiymati 800 ming dollarlik zargarlik qutisini va muzeydan o‘g‘irlangan boshqa buyumlarni sotgani uchun to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 19 oktyabr kuni ish vaqti davomida niqob kiygan jinoyatchilar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga mansub to‘qqizta eksponatni, jumladan, Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan edi. O‘g‘rilikdan yetgan zarar 88 million yevroga baholangan.

Voqeadan Bir hafta o‘tib, Luvrdan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan to‘rt kishidan ikki nafari qo‘lga olingan. Ulardan biri Parijdagi Ruassi – Sharl-de-Goll aeroportida, Jazoirga uchadigan samolyotga chiqish paytida hibsga olingan. Ikkinchisi esa Sena-Sen-Deni departamentida qo‘lga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

muzey Kaliforniya Oklend

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing