Xitoy YeIning O‘zbekistonga aloqador tashabbusidan tashvishda

Olam

image

Xitoy hukumati Yevropa Ittifoqi bilan savdo sohasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish va Bryusselning yangi bir tomonlama sanksiyalar joriy etishdan voz kechishiga umid qilmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakun ikki tomon o‘rtasida Xitoydan kamyob yer metallarining eksporti ustidan nazoratni kuchaytirish bilan bog‘liq muzokaralar arafasida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

“Biz Yevropa Ittifoqidan o‘zboshimchalik bilan cheklovlar kiritishdan tiyilishini umid qilamiz. Yevropa Ittifoqi barcha mamlakat kompaniyalari uchun adolatli, shaffof va kamsitishsiz biznes sharoitlarini ta’minlashi, bozor iqtisodiyoti va Jahon savdo tashkiloti qoidalarini amalda qo‘llab-quvvatlashi lozim”, deydi u.

Xitoylik diplomatning ta’kidlashicha, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning mohiyati o‘zaro to‘ldiruvchanlik va manfaatdorlikka asoslanadi. U Bryusselni “savdo ziddiyatlarini dialog va maslahatlar orqali hal etishga qat’iy intilishga” chaqirgan.

“Biz Yevropa Ittifoqi erkin savdoni qo‘llab-quvvatlash va proteksionizmga qarshi chiqish bo‘yicha o‘z majburiyatlariga amal qilishiga umid qilamiz”, deydi Go Szyakun.

Qayd etish joiz, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining ushbu bayonoti Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqining Xitoydan muhim xomashyo yetkazib berishga bog‘liqligini kamaytirish tashabbusini e’lon qilganidan so‘ng yangradi. Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel bu bo‘shliqni O‘zbekiston, Avstraliya, Qozog‘iston, Kanada, Ukraina va Chili bilan aloqalarni mustahkamlash orqali to‘ldirmoqchi.

Joriy yilning 9 oktyabr kuni esa Xitoy Savdo vazirligi kamyob yer metallarining eksporti, ular bilan bog‘liq texnologiyalar va qazib olish uskunalari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha bir nechta hujjatlarni e’lon qilgan. Endilikda bu mahsulotlarni eksport qilish uchun maxsus litsenziya talab etiladi. Bu choralar AQSH va Yevropa Ittifoqining noroziligiga sabab bo‘ldi. Joriy yilning 23 oktyabr kuni o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi sammitida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Xitoy ushbu cheklovlarni yumshatmasa, unga nisbatan “eng qattiq sanksiyalar” joriy etishni talab qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Xitoy xomashyo savdo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing