Xitoyda Oy tuprog‘idan g‘isht quyuvchi qurilma ishlab chiqildi
Texnologiya
−
24 Sentabr 3781 2 daqiqa
Xitoylik olimlar Oy tuprog‘idan qurilish g‘ishtlarini ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan dunyodagi birinchi mashina prototipini ishlab chiqdi. U Xefey shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ishlab chiqarish sanoati konferensiyasida taqdim etilgan. Bu haqda joriy yilning 21 sentyabr kuni “Sinxua” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilma quyosh energiyasidan quvvat oladi. Maxsus parabolik reflektor quyosh nurlarini to‘playdi, ular optik tolali kabel orqali erish nuqtasiga uzatiladi. Qurilmani ishlab chiqqan Dell Space Experiment Laboratory (DSEL) ma’lumotlariga ko‘ra, bu tizim Selsiy bo‘yicha 1000 darajadan yuqori haroratgacha qiziydi va quyosh nurini 3000 marta kuchliroq fokuslaydi. Bu Oy sirtini qoplaydigan regolit – bo‘shashgan toshni eritib, uni kuchli g‘ishtlarga aylantirish uchun yetarli.
“To‘g‘ridan to‘g‘ri Oyda qurilish materiallarini ishlab chiqarish sun’iy yo‘ldoshda barqaror infratuzilmani yaratishning kaliti hisoblanadi. Bunday yondashuv yo‘llar, maydonchalar va stansiya komponentlarini qurish, Yerdan yuk tashish xarajatlarini minimallashtirish imkonini beradi. Dizaynni yakunlashdan oldin muhandislar qurilmaning haqiqiy Oy sharoitida ishonchli ishlashini ta’minlash uchun turli xil sun’iy Oy tuproq kompozitsiyalaridan foydalangan holda keng qamrovli sinovlarni o‘tkazdi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, taqdim etilgan prototip Xitoyning Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi. Xitoy tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha 2035 yilgacha Oyning janubiy qutbi yaqinida suv va muz zaxiralari aniqlangan baza majmuasini qurishni nazarda tutadi. Ikkinchi – kengaytirilgan qurilish bosqichi 2040 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Oydagi “g‘isht zavodi” kabi avtonom qurilish texnologiyalarini ishlab chiqish Oyni tadqiq qilish bo‘yicha uzoq muddatli rejalarni amalga oshirish uchun juda muhim. Rejaga ko‘ra, birinchi navbatda Oyda baza majmuasini qurish 2035 yilgacha yakunlanishi kutilmoqda. Keyinroq, 2040 yillarda stansiya kengaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Robotera kompaniyasi dunyoda birinchi bo‘lib ovqat yeydigan tayoqchalardan mohirlik bilan foydalaniladigan STAR1 nomli odamsimon robotni taqdim etgandi. An’anaviy xitoycha pazandachilik ishlarini o‘zlashtirishga o‘rgatilgan Robotera’s STAR1 chuchvara, bug‘li bulochka pishirishi, vino quyishi va hattoki stakanlarni chertib qo‘yishi mumkin. Pekinda joylashgan firma ma’lumotlariga ko‘ra, u robotni oshxonada kengayib borayotgan imkoniyatlarini ta’kidlab, tobora ortib borayotgan xitoycha pishirish texnikasiga o‘rgatishda davom etadi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi