Trampga qarshi “qo‘zg‘olon”

Tahlil

Joriy yilning 6 iyun kuni AQSHning Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahrida mahalliy aholi federal agentlarning immigratsiya qonunlarini qo‘llash operatsiyasiga qarshi chiqib, norozilik namoyishlarini boshlagandi. Namoyishchilar ba’zi ko‘chalarni to‘sib qo‘yib, politsiya bilan ham to‘qnashgan. Huquq-tartibot organlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan, aholi bunga mushaklar bilan javob qaytargan. 6 iyun kungi to‘qnashuvlarda kamida bir kishi jarohat olgani ma’lum qilindi. AQSH Ichki xavfsizlik departamentining ma’lum qilishicha, Los-Anjelesdagi federal huquqni muhofaza qilish idorasi binosiga hujum bo‘lgan. Kaliforniya prokuraturasi o‘nlab namoyishchilar hibsga olinganini e’lon qilib, bu jarayon davom etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. 

AQSH Prezidenti Donald Trampning sharharga 2000 nafar Milliy gvardiya xodimlarini kiritish buyrug‘i esa vaziyatni jiddiylashtirdi. U Los-Anjelesda immigratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari avj olayotgani ortidan shahar “migrantlardan ozod qilinishini” e’lon qildi. Tramp bu bayonotni 8 iyun kuni Truth Social'dagi sahifasida yozdi va shundan so‘ng shaharga Milliy gvardiya kuchlari yuborildi. Takidlash joizki, Milliy gvardiya bundan 5 yil oldin 2020 yilda afro-amerikalik Jorj Floydning politsiya oyoqlari ostida halok bo‘lgani tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar munosabati bilan aynan Kaliforniyaga yuborilgan edi.

“Bir paytlar buyuk bo‘lgan Amerika shahri – Los-Anjeles noqonuniy migrantlar va jinoyatchilar tomonidan bosib olingan. Endi esa isyonkor va tajovuzkor olomon bizning federal agentlarimizga hujum qilmoqda, deportatsiya operatsiyalariga xalaqit berishga urinmoqda. Men Los-Anjelesni migrantlar bosqinidan ozod qilish va bu migrantlar isyonini tugatish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni buyurdim”, deb yozdi Tramp.

Los-Anjelesga yuborilgan 2000 nafar Milliy gvardiya xodimini vaqtincha immigratsiya va bojxona xizmatlari agentlari, davlat xizmatchilari hamda federal mulkni himoya qilishi aytildi. Bu esa Trampga rasmiy darajadagi qarshilik ruhini yanada kuchaytirdi. 

Kaliforniya gubernatori, demokrat Gevin Nyusom bunga xojat yo‘qligini aytib, Trampning bu qaroriga keskin qarshi chiqdi va bu qarorni “atayin namoyishni qo‘zg‘atishga urinish” deb atadi. Shu bilan birga, gubernator Trampni sudga berishga va’da berdi.

Amerika qonunchiligiga ko‘ra, federal nazorat ostidagi xavfsizlik kuchlarini tartibsizliklarga qarshi kurashda yoki favqulodda vaziyat yuzaga kelganda jalb qilish uchun shtat rasmiylarining o‘zlari Vashingtonga tegishli so‘rov yuborishlari kerak. Tashqi bosqin yoki davlat tizimiga tahdid kabi holatlargina bundan mustasno. Boshqa hollarda, Milliy gvardiya bo‘linmalari faqat mahalliy hokimiyatlar nazorati ostida bo‘ladi. 

“Tramp Kaliforniyadagi tartibsizliklar fonida bir tomonlama tartibda Milliy gvardiyani o‘z qo‘mondonligi ostiga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqni qabul qildi – buni oqlaydigan tahdidlar bo‘lmaganida”, deya ta’kidladi Nyusom.

Shuningdek, Nyusom imzolangan buyruq Kaliforniya bilan cheklanib qolmasligi va shunga o‘xshash harakatlarni AQSHning istalgan shtatida amalga oshirish imkonini berishiga e’tibor qaratdi. Bu orada tarmoqlarda Los Anjelesda keskin tus olgan namoyishlarda talonchilik holatlari ham uchrayotgani, huquq-tartibot organlari buni nazorat qila olmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Namoyishlarni bostirishda esa hatto jurnalistlarga ham rezinka o‘q uzilayotgan tasvirlar tarqaldi. Unda avstraliyalik muxbir jabrlanganini ko‘rish mumkin. Yuzlab namoyishchilar hibsga olingan. Norozilik harakatlarida asosan Meksika bayrog‘i ko‘zga tashlanmoqda. Namoyishlarning 4-kuniga kelib esa hukumat Los-Anjelesda o‘z nazorati ostidagi Milliy gvardiya qo‘shinlari sonini ikki barobarga, ya’ni 2000 dan 4000 kishiga yetkazishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Milliy gvardiyaning yangi bo‘linmalaridan tashqari Kaliforniyadagi Kemp Pendlton bazasidan 700 nafar dengiz piyodalari ham Los-Anjelesga yuborildi. AQSH Prezidenti ma’muriyati bu qarorni “federal xodimlar va binolarga tahdidlarning kuchayishi” bilan oqladi. Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Trampning Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlarini bostirish uchun dengiz piyodalaridan foydalanish haqidagi qarorini “Amerikaga zid” deb atadi.

“Bunday bo‘linmalar mamlakat ichida emas, balki tashqi tahdidlarga qarshi kurashishi kerak. Ularni Amerika tuprog‘iga o‘z fuqarolari bilan jang qilish uchun jo‘natmaslik kerak”, deb hisoblaydi Nyusom.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesda davom etayotgan norozilik namoyishlarini sharhlar ekan, bu jarayonni qo‘zg‘alon deb atadi va undagi ishtirokchilarni “professional agitatorlar va isyonchilar” deya ta’kidladi. U Kaliforniyaga mahalliy hokimiyatlarga emas, balki federal markazga hisobot beradigan xavfsizlik agentliklarining yanada ko‘proq vakillarini yuborish bilan tahdid qildi. Shuningdek, u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida o‘zi yuborgan askarlarga “hurmatsizlik” ko‘rsatadigan namoyishchilarga kuch ishlatish bilan tahdid qildi. Tramp jurnalistlar bilan intervyuda Kaliforniya gubernatorini hibsga olishga tayyorligini bildirdi. Uning bu gapiga Gevin Nyusom zudlik bilan javob qaytardi va mazkur tahdidni Tramp tomonidan avtoritarizm tomon tashlangan navbatdagi qadam deb baholadi.
“Qo‘shma Shtatlar Prezidenti hozirgina amaldagi gubernatorni hibsga olishga chaqirdi. Men Amerikada bu kunni hech qachon ko‘rmayman, deb umid qilgandim. Siz demokratmisiz yoki respublikachimisiz, menga farqi yo‘q, bu biz millat sifatida kesib o‘ta olmaydigan chiziq – bu avtoritarizm sari aniq qadamdir”, deydi gubernator

Kaliforniya gubernatori Tramp va Hegsetni sudga berdi

Gevin Nyusom Donald Tramp va Mudofaa vaziri Pit Hegsetga qarshi sudga murojaat qilgan. U o‘zining 22 sahifalik shikoyatida Tramp hamda rahbariyat federal qonunlar va AQSH Konstitutsiyasini buzganligini ma’lum qilgan. Shuningdek, gubernator suddan Milliy gvardiyani Los-Anjelesga yuborishni bekor qilishni va nazoratni o‘ziga qaytarilishini so‘ragan.

Bu orada esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov vaziyatga munosabat bildirdi. Uning ma’lum qilishicha, hozirda ushbu namoyishlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiqlangan ma’lumot kelib tushmagan.

“AQSHdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Bildirilishicha, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi. Zarur hollarda fuqarolar AQSHdagi elchixona va Bosh konsulxonaga murojaat qilishi mumkin.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Los-Anjeles migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing