Los-Anjelesda komendantlik soati bekor qilindi
Olam
−
18 iyun 2253 2 daqiqa
AQSHning Los-Anjeles shahri meri Karen Bass immigratsiya siyosatiga qarshi boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari davrida joriy etilgan komendantlik soatini bekor qildi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Bassning aytishicha, komendantlik soati jinoyatchilikning oldini olish va uni to‘xtatishda, shuningdek, “do‘konlar, restoranlar, tadbirkorlik sub’ektlari va aholining vandalizm bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan himoya qilinishini ta’minlashda” muhim rol o‘ynagan.
U, shuningdek, norozilik namoyishlari vaqtida hibsga olinganlar soni kamayganini va zo‘ravonlik holatlari pasayganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlari joriy yilning 6 iyun kuni boshlangandi. Ular federal agentlar tomonidan immigratsiya qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan reydlar ortidan boshlangan.
Shahar aholisi ko‘chalarning bir qismini to‘sib qo‘ygan, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuzaga kelgan. Politsiya ko‘zdan yosh chiqazuvchi gaz va shovqinli-svet effektli granatalardan foydalangan, namoyishchilar esa bunga otilgan mushaklar bilan javob qaytargan.
Keyinchalik mamlakat Prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesga Milliy gvardiya qo‘shinlarini kiritishni buyurgan. Bunga javoban Kaliforniya shtatining bosh prokurori Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qilgan, gubernator esa Tramp aynan harbiy kuch kiritish orqali “zo‘ravonlikni qo‘zg‘atdi va tinch noroziliklarni tartibsizlikka aylantirdi”, deb bayonot bergan.
Tez orada shtat hokimiyati shaharda talonchilik, do‘konlarni buzish va vandalizm holatlari boshlangani haqida ma’lum qilgan. Politsiya tomonidan 200 kishi qo‘lga olingani bildirildi, mer esa 20 dan ortiq do‘kon vayron qilinganini aytgan. Shu asosda shaharda komendantlik soati joriy etilgani e’lon qilingan edi.