Peruda ham zumerlar hukumatga qarshi bosh ko‘tardi (video)
Olam
−
22 Sentabr 3816 2 daqiqa
Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Peru poytaxti Lima shahrida pensiya islohotidan norozi bo‘lgan zumerlar ommaviy namoyishlar o‘tkazdi. Bu haqda AFP xabar berdi.
“Z-avlod Prezident Dina Boluartega qarshi” shiori ostida boshlangan aksiyalar davomida namoyishchilar Prezident iste’fosi, parlament tarqatib yuborilishi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan. Ular Kongress binosiga bostirib kirishga uringan, politsiyaga tosh va butilkalar uloqtirgan. Huquq-tartibot organlari esa bunga javoban ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. To‘qnashuvlarda bir necha kishi jarohat olgan, 50 dan ortiq odam hibsga olingan.
Mutaxassislarning fikricha, pensiya islohoti norozilik uchun faqat tashqi sabab bo‘lib xizmat qilgan. Aslida esa bu holat hukumatning faoliyatidan chuqur norozilikning ifodasi hisoblanadi. Lotin Amrikasi bo‘yicha ekspert Temur Almuqovning ta’kidlashicha, Prezident Dina Boluartening reytingi atigi 3-4 foiz darajasida. Buning sababi esa – Prezidentning mamlakatni siyosiy inqirozdan olib chiqishga qodir emasligi, muntazam korrupsiya mojarolari va hukumatga nisbatan ishonchsizlik.
Tahlilchilarning fikricha, keyingi voqealar ko‘p jihatdan hukumatning reaksiyasiga bog‘liq. So‘nggi yillarda Peruda namoyishchilarga qarshi shafqatsiz choralar qo‘llangan. Boluartening 2022 yilda hokimiyat tepasiga kelishi ham muddatidan oldin saylovlarni talab qilgan xalq noroziliklari bilan kechgan va o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.
Ayni damdagi aksiyalarda esa asosan yoshlar yetakchi rol o‘ynayapti, biroq ularga turli jamoat tashkilotlari va siyosiy kuchlar ham qo‘shilmoqda.
Qiziqarli tomoni shundaki, Lima ko‘chalarida odatiy siyosiy shiorlar va milliy bayroqlar qatorida noodatiy ramz ham paydo bo‘lgan: somondan yasalgan shlyapa kiydirilgan, kulayotgan bosh suyagi tushirilgan qora bayroq – yapon animesi One Piece’dagi “Somon shlyapali qaroqchilar”ning timsoli. Bu belgi xalqaro miqyosda hukumatlarga qarshi kurashning ramziga aylangan. Anime syujetida orzulari va erkinlik uchun kurashayotgan qahramonlar korrupsiyalashgan Jahon hukumatiga qarshi chiqadi. Asarning asosiy g‘oyasi – zulmga qarshi kurash, erkinlikka intilish va mustahkam birdamlik. Bu esa Perudagi norozilik ruhiyati bilan mos tushmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi boshida Nepalda ham “Z-avlod inqilobi” yuz bergandi. Bunga mamlakatdagi yirik ijtimoiy tarmoqlar va OAV faoliyati cheklangani sabab bo‘ldi. Namoyishlar chog‘ida bosh prokuror idorasi va poytaxt tuman sudi binosiga hujum qilindi. Ular Moliya vaziri Prasad Paudalni do‘pposlab, keyin sobiq bosh vazir Sher Bahodir Deubaning uyiga bostirib kirdi. Uni ham, Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan rafiqasi Arzu Ranu Deubani ham kaltakladi. Ushbu namoyishlar ortidan mamlakat parlamenti tarqatib yuborildi va Prezident va harbiylar bilan kelishgan zumerlar Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini muvaqqat hukumat rahbari etib sayladi.
Live
Barchasi