Luvr muzeyi qo‘riqchilaridan biri jinoyatchilar bilan hamkorlik qilgan – “The Telegraph”

Olam

image

Luvr muzeyining xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri jinoyat sodir etilishidan oldin zargarlik buyumlarini o‘g‘irlaganlar bilan aloqa qilgan. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar muzeyning xavfsizlik tizimi haqida maxfiy ichki ma’lumotlarni oldindan qo‘lga kiritgan va shuning uchun ular ichkariga qanday kirishni bilgan. Luvr xodimining jinoyatchilar bilan aloqasi raqamli dalillar orqali tasdiqlangan.

Parij prokurori Lor Bekko bu ma’lumotni tasdiqlab, politsiya Luvr xodimining jinoyatchilarga yordam bergani haqidagi versiyani tekshirayotganini aytgan.

“Biz barcha ehtimollarni o‘rganmoqdamiz. Muzey ichidan kimdir jinoyatchilarga yordam bergan bo‘lishi mumkinligi versiyasi ham boshqa barcha variantlar qatori sinchiklab tekshiriladi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, 19 oktyabr kuni ish vaqti davomida niqob kiygan jinoyatchilar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga mansub to‘qqizta eksponatni, jumladan, Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan. O‘g‘rilikdan yetgan zarar 88 million yevroga baholanmoqda.

Bir hafta o‘tib Fransiya OAVlarining xabar berishicha, Luvrdan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan to‘rt kishidan ikki nafari qo‘lga olingan. Ulardan biri Parijdagi Ruassi – Sharl-de-Goll aeroportida, Jazoirga uchadigan samolyotga chiqish paytida hibsga olingan. Ikkinchisi esa Sena-Sen-Deni departamentida qo‘lga olingan.

Parij prokuraturasi gumondorlarning qo‘lga olinganini tasdiqladi. Lor Bekko, shuningdek, politsiya kuzatuv kameralaridan foydalangan holda, jinoyatchilarning ikki skuterdagi harakat yo‘lini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Luvr muzey

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing