Markaziy Osiyo suv falokati ostonasida: muzliklar shiddat bilan eriyapti

Bu qiziq

image

Muzliklar erishining tezlashishi Markaziy Osiyo mamlakatlarida jiddiy suv tanqisligiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) “2025 yildagi global iqlim holati” yillik hisobotida so‘z boradi.

JMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 gidrologik yili kuzatuvlar tarixidagi muzliklar uchun eng halokatli yillardan biri bo‘ldi. Muzliklar massasining yo‘qotilishi 1950 yildan beri qayd etilgan beshta eng yomon ko‘rsatkich qatoriga kirdi, xususan, aksariyat rekord darajadagi salbiy qiymatlar 2016 yildan keyin qayd etilgan.

Bu jarayonlar, ayniqsa Markaziy Osiyo uchun katta xavf tug‘dirmoqda. Pomir, Tyan-Shan va Hinduqush muzliklari mintaqaning eng yirik daryolari – Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Panjni suv bilan ta’minlaydi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonning suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va ekotizimlari aynan shu daryolarga bog‘liq.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, qisqa muddatli istiqbolda tezlashgan erish suv oqimini ko‘paytiradi, biroq kelajakda bu daryolar sathining, ayniqsa qurg‘oqchil davrlarda barqaror pasayishiga olib keladi. Gidrologlar bu bosqichni “suv cho‘qqisi” deb atashadi, undan keyin esa uzoq muddatli tanqislik boshlanadi.

Daryolarning yuqori oqimida yirik gidroenergetika ob’ektlari qurilishi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Xususan, Tojikistonda Rog‘un GESi qurilishi davom etmoqda, Qirg‘izistonda esa Qambarota-1 GESi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar tabiiy oqim rejimini o‘zgartiradi va daryo ekotizimlariga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi.

Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi va daryolarni tartibga solishning birlashishi deltalar va qayir hududlari, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasi ahvolining yomonlashishiga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

JMT muzliklarning tez sur’atlar bilan qisqarishi suv resurslarini boshqarish yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishini ta’kidlaydi, chunki suv mintaqadagi barqaror rivojlanish va davlatlararo munosabatlarning asosiy omili bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo muzlik suv falokati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing