Marokashda ham zumerlar bosh ko‘tardi. Ular nimadan norozi? (video)
Olam
−
03 Oktabr 5048 4 daqiqa
Joriy yilning sentyabr oyi oxiriga kelib Marokashda “GenZ 212” yoshlar harakati tomonidan korrupsiya va 2030 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlikka davlat mablag‘lari sarflanishiga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlandi. Bu haqda “Morocco World News” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, norozilik aksiyalari boshlanishiga Agadirdagi shifoxonada tug‘ilgan 8 chaqaloqning o‘limi sabab bo‘lgan. Namoyishlar ortidan mamlakat bo‘ylab o‘nlab hibsga olishlar amalga oshirilgan. Masalan, joriy yilning 28 sentyabr kuni Kasablankada avtomagistralni to‘sib qo‘ygan 21 nafar shaxs hibsga olingan. 30 sentyabr kuni esa Berkanda 49 nafarga yaqin odam, jumladan, 16 nafar voyaga yetmagan bola va bir ayol qo‘lga olingan. Rabotda esa yuzdan ortiq odam hibsga olingan. O‘sha kuni kechqurun Udja shahridagi noroziliklar xavfsizlik xizmati xodimlari va namoyishchilar jarohat olishi bilan yakunlangan. Xususan, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan 32 nafari, shuningdek, besh harbiy va uch fuqaro tan jarohati olgan.
“Sog‘liqni saqlash sohasidagi dastlabki noroziliklar ikki hafta oldin Agadirda Hasan II nomidagi mintaqaviy shifoxonadagi “xizmat ko‘rsatish yomonlashuvi”ga qarshi namoyish bilan boshlangan”, deyiladi xabarda.
Yoshlar erkinlik, ijtimoiy adolat hamda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida islohotlar talab qilib, turli shiorlar ostida ko‘chaga chiqishda davom etmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabr kuni Marokashning janubi-g‘arbiy qismidagi yirik shahar Agadir chekkasida jandarm xodimlari bir guruh namoyishchilarga qarata politsiya binosiga bostirib kirib, qurol-aslahani qo‘lga kiritishga uringanida o‘q otgan. Marokash Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oqibatda uch kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, to‘qnashuv oqshomida jami 354 kishi tan jarohati olgan, ularning 326 nafari xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. Shuningdek, 271 ta xizmatdagi politsiya transporti, 175 ta xususiy avtomobil, shuningdek, mamlakatning 23 mintaqasida 80 ga yaqin ma’muriy va tijorat ob’ektlariga zarar yetkazilgan.
Ichki ishlar vazirligi tartibsizliklarda qatnashganlarning 70 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etishini, ayrim hollarda ularning ulushi 100 foizga yetganini bildirgan. Voyaga yetmaganlar protsessual kafolatlarga rioya qilgan holda nazoratga olingan, kattalar esa prokuratura qaroriga asosan hibsga olingan. Jami 400 dan ortiq odam qo‘lga olingan.
“Bizda stadionlar bor, lekin shifoxonalar qayerda?” deb hayqiradi namoyishchilar.
Ular milliardlab mablag‘larning 2026 yilgi Afrika Millatlar Kubogi va 2030-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlikka yo‘naltirilayotgani, ijtimoiy sohalarga esa yetarli sarmoya qilinmayotganini tanqid qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi norozilik bildirish huquqi qonun doirasida ta’minlanishini ma’lum qilgan, biroq huquq-tartibot kuchlari “fuqarolar xavfsizligiga va infratuzilma ob’ektlariga tahdidga yo‘l qo‘ymasligini” bildirgan.
Qayd etish joiz, hozirgi norozilik to‘lqini 2016-2017 yillardan beri eng yirigi bo‘lmoqda. O‘shanda mamlakatning shimolidagi Rif mintaqasida to‘qnashuvlar yuz bergan edi. Mutaxassislarning fikricha, hozirgi noroziliklar bir necha omillar uyg‘unligidan kelib chiqmoqda: sog‘liqni saqlash tizimining zaifligi, yoshlarda ishsizlik darajasining yuqoriligi (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 35 foiz), ijtimoiy tengsizlik va sport loyihalariga mablag‘ sarflanishidan, ijtimoiy sohalarga esa kamroq e’tibor qaratilishidan kelib chiqqan norozilik.
Ma’lumot uchun, JCH-2030 – FIFA futbol bo‘yicha Jahon chempionatining final bosqichi 2030 yil yozida o‘tkazilishi kerak. Xalqaro federatsiya mezbon sifatida Ispaniya, Portugaliya va Marokashni tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Peru poytaxti Lima shahrida pensiya islohotidan norozi bo‘lgan zumerlar ommaviy namoyishlar o‘tkazgandi. “Z-avlod Prezident Dina Boluartega qarshi” shiori ostida boshlangan aksiyalar davomida namoyishchilar Prezident iste’fosi, parlament tarqatib yuborilishi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilgandi.
Undan oldinroq esa Nepalda ham “Z-avlod inqilobi” yuz bergandi. Bunga mamlakatdagi yirik ijtimoiy tarmoqlar va OAV faoliyati cheklangani sabab bo‘ldi. Namoyishlar chog‘ida bosh prokuror idorasi va poytaxt tuman sudi binosiga hujum qilindi. Ular Moliya vaziri Prasad Paudalni do‘pposlab, keyin sobiq bosh vazir Sher Bahodir Deubaning uyiga bostirib kirdi. Uni ham, Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan rafiqasi Arzu Ranu Deubani ham kaltakladi. Ushbu namoyishlar ortidan mamlakat parlamenti tarqatib yuborildi va Prezident va harbiylar bilan kelishgan zumerlar Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini muvaqqat hukumat rahbari etib sayladi.
Live
Barchasi