Mirziyoyev Ko‘ksaroyda Rahmon bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yetakchilar O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar va samarali hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham Toshkentga kelgan va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon Ko'ksaroy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing