Mirziyoyev Slovakiyaga boradi
Jamiyat
−
31 Oktabr 3646 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Slovakiyaga boradi. Bu haqda Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini bugun, 31 oktyabr kuni Samarqandda o‘tayotgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasining 2-kunida QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Kecha, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini muzokara o‘tkazgandi. Suhbat davomida O‘zbekiston Prezidentining Slovakiyaga tashrifi reja qilingan.
“Tashrifim ikki tomonlama xarakterga ham ega edi, chunki kecha men O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashdim. Biz ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdik va bir necha oy avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan Slovakiya Bosh vazirining tashrifini davom ettirdik”, dedi Prezident Pellegrini.
Shuningdek, u o‘zbekistonlik mavqedoshi bilan o‘zaro yaxshi munosabatlarni tasdiqlagani, iqtisodiy, xo‘jalik va madaniy hamkorlik imkoniyatlari haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.
%20copy%20%E2%80%94%20%D0%BA%D0%BE%D0%BF%D0%B8%D1%8F(2).jpg)
“Eng muhimi, Prezident janoblari bilan kelishdikki, endilikda vazirlar darajasida almashinuvlar bo‘ladi va birgalikdagi loyihalar tayyorlanadi. Shu sohalarda biz hamkorlikni yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti keyinchalik Slovakiya Respublikasiga tashrif buyurib, vazirlar bilan birgalikda qo‘shimcha kelishuvlarni imzolashi rejalashtirilgan”, dedi Slovakiya Prezidenti.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olingan. Shu maqsadda, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-10 iyun kunlari Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso O‘zbekistonda bo‘lgandi. U tashrifi davomida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etdi, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birga futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qatar milliy terma jamoasiga qarshi bahsini stadiondan tomosha qildi.
Live
Barchasi