“Nobel”ni bermaganingiz uchun! – Tramp Grenlandiyaga nega tahdid qilayotganini aytdi
Olam
−
19 yanvar 4455 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya haqidagi so‘zlarini unga tinchlik bo‘yicha “Nobel” mukofoti berilmagani bilan bog‘ladi. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi.
“Mamlakatingiz sakkizta va undan ortiq urushni to‘xtatganim uchun menga tinchlik bo‘yicha “Nobel” mukofotini bermaslikka qaror qilganini hisobga olsak, men endi faqat tinchlik haqida o‘ylashga majbur emasman”, deya Trampning Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styorega yo‘llagan maktubini keltiradi agentlik.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik har doim birinchi o‘rinda bo‘lsa-da, endi u Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun nima yaxshi va to‘g‘ri bo‘lishi haqida o‘ylashim kerak.
“Biz Grenlandiya ustidan to‘liq va total nazoratni qo‘lga kiritmagunimizcha dunyo xavfsiz bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgi Tinchlik bo‘yicha “Nobel” mukofoti venesuelalik muxolifatchi Mariya Korina Machadoga “Venesuela xalqi uchun demokratik huquqlarni ilgari surish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlari” uchun berilgan edi. Ammo u o‘z mukofotini AQSH Prezidenti Donald Trampga topshirdi.
“Nobel” qo‘mitasi shu hafta boshida medalning topshirilishi Tramp avtomatik ravishda Tinchlik mukofoti sovrindori bo‘lishini anglatmasligini aytib chiqdi. “Medal egasini o‘zgartirishi mumkin, ammo tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureatini o‘zgartirib bo‘lmaydi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
“The Guardian” gazetasi, o‘z navbatida, tahlilchilarga tayanib, Trampga bunday sovg‘a berish Machadoning Venesuelada hokimiyat tepasiga kelish imkoniyatini saqlab qolishga urinishi ekani haqida yozgan.
Live
Barchasi