Peruda deputatlar Prezidentni iste’foga chiqardi
Olam
−
10 Oktabr 2473 2 daqiqa
Kecha, 9 oktyabr kuni 130 a’zodan iborat Peru parlamenti mamlakat Prezidenti Dina Boluartening lavozimidan chetlashtirish uchun ovoz berdi. Bu haqda “Diario Gestion” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, deputatlar ovoz berish jarayonini yarim tunda amalga oshirgan. Qisqa vaqt ichida 130 deputatdan 122 nafari Boluartega impichment e’lon qilish uchun ovoz bergan. Ushbu harakatga nisbatan hech qanday norozilik bildirilmagan. Shundan so‘ng, siyosatchilar Kongress rahbari Xose Yerini Peruning yangi prezidenti sifatida e’lon qilgan.
Parlament a’zolari davlat rahbarini ma’naviy qobiliyatsiz deb e’lon qilgan. Kongress a’zolari impichment to‘g‘risidagi arizalarida Boluarte o‘sib borayotgan siyosiy va ijtimoiy inqiroz sharoitida mamlakatni boshqarishga noloyiqligini aytib, uni korrupsiya bilan shug‘ullanishda va axloqiy me’yorlarni buzishda ayblagan.
Xose Yeri respublikaning yangi prezidenti sifatida qasamyod qilish chog‘ida o‘z zimmasiga olgan vazifasini shaffoflik bilan bajarishga va’da bergan.
“Xudo nomiga, mamlakatim nomiga, barcha peruliklar nomiga qasamyod qilamanki, men Peru Siyosiy Konstitutsiyasiga muvofiq o‘z zimmamga olgan Respublika Prezidenti lavozimini shu paytdan boshlab 2026 yil 26 iyulga qadar sodiqlik bilan bajaraman. Milliy suverenitetni, mamlakatimizning jismoniy va ma’naviy yaxlitligini himoya qilaman”, degan Xose Yeri.
Qayd etish joiz, Peruda davlat rahbari lavozimidan ketishi uchun mamlakat Konstitutsiyasining 113-moddasi 2-bandiga ko‘ra, Kongressning 130 a’zosining uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekvador Prezidenti Daniel Noboaning korteji namoyishchilar tomonidan toshbo‘ron qilingan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi