Pikassoning surati sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi
Bu qiziq
−
18 Oktabr 3472 3 daqiqa
Joriy yilning 3 oktyabr kuni Pablo Pikassoning “Gitarali natyurmort” nomli 1919 yilda yaratilgan asari Ispaniya poytaxti Madriddan Granadaga olib ketilayotganda sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi. Asar CajaGranada fondida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ko‘rgazmada namoyish etilishi kerak bo‘lgan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Guash texnikasida ishlangan va o‘lchami atigi 12,7 x 9,8 santimetr bo‘lgan ushbu asar 8 oktyabrda ochilgan “Nature morte. La eternidad de lo inerte” (“Natyurmort. Harakatsizlikning abadiyligi”) nomli ko‘rgazma tarkibiga kiritilishi kerak bo‘lgan, biroq manzilga yetib bormagan. Politsiya hozircha bu voqea tasodifiymi yoki oldindan rejalashtirilgan o‘g‘irlikmi – shuni aniqlamoqda.
10 oktyabr kuni Ispaniya Milliy politsiyasining tarixiy meros bo‘yicha brigadasi fondning shikoyati asosida tergovni boshlagan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsiy mulk bo‘lgan ushbu asar hanuz topilmagan va hozircha hech kim hibsga olinmagan. Ijod namunasi san’at asarlarini tashishga ixtisoslashgan kompaniya tomonidan Madriddagi Pio XII prospektidagi xususiy uydan olib chiqilgan. 25 sentyabr kuni u ko‘rgazmadagi boshqa asarlar bilan birga omborga joylashtirilib, Granadaga birgalikda yuborilishi kutilgan.
Asarlarning “sayohati” 2 oktyabrda boshlangan va 3 oktyabr kuni soat 10:00 da Granadadagi Madaniyat markaziga yetkazilgan. Biroq “Gitarali natyurmort” ularning orasida bo‘lmagan. Tashuvchilar yo‘l davomida Deyfontes shahrida tunab qolgan va bu tergovdagi asosiy nuqtalardan biri. Politsiya aynan shu yerda asarning yo‘qolgani yoki o‘g‘irlanganini aniqlashga urinmoqda.
Furgon fond hududiga yetib borganida barcha asarlar videokuzatuv ostida uzluksiz tarzda mashinadan ko‘rgazma zaliga ko‘chirilgan. Biroq shu jarayonda jiddiy muammo yuzaga kelgan – qadoqlar to‘g‘ri raqamlanmagan, bu esa darhol to‘liq tekshiruv o‘tkazish imkonini bermagan.
Ko‘rgazma menejeri va yuk tashish kompaniyasi xodimlari to‘liq ochilish jarayoni 6 oktyabr kuniga belgilangani sababli, yuk hujjatlarini oldindan imzolashga rozi bo‘lishgan. Aynan o‘sha kuni barcha qadoqlar ochilib, asarlar joylashtirilganda kurator Mariya Toral va ko‘rgazma rahbari Pikasso asarining yo‘qligini payqab qolgan.
Fond bayonotiga ko‘ra, dam olish kunlari yozilgan videokuzatuv tasvirlarida asarlarga oid hech qanday hodisa qayd etilmagan. Politsiya hozirda bu yo‘qolish logistika jarayonidagi xato natijasimi yoki oldindan rejalashtirilgan san’at asarini o‘g‘irlash holatimi – shuni aniqlamoqda.
Ko‘rgazmada Xuan Gris, Rene Magritt va Rafael Sabaleta kabi rassomlarning xususiy to‘plamlardan olingan jami 58 ta asar namoyish etilmoqda. Taqdimot 2026 yilning 11 yanvarigacha ochiq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pikassoning 80 yildan beri ko‘rilmagan surati kimoshdi savdosiga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. “Gulli qalpoqli ayol byusti” kartinasi Parijda chizilgan bo‘lib, mashhur rassomning o‘sha paytdagi sevgilisi Dora Maarning portreti hisoblanadi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi