“Portlash eshitildi”. Qibrayda yong‘in nimadan chiqdi?
3-sahifa
−
23 iyul 5704 2 daqiqa
Bugun, 23 iyul kuni Toshkent viloyati Qibray tumani, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan xo‘jalik do‘konlarining birida chaqnash sodir bo‘lishi oqibatida do‘kon hamda unga tutash bo‘lgan ikkita xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi. QALAMPIR.UZ holatni voqea joyiga borib o‘rgandi.


Qibray tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Abdujabbor Dusanovning ma’lum qilishicha, soat 10:50 da “G‘ofur G‘ulom” MFYdagi Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan yashash uyi va qurilish mollari do‘konida yong‘in ro‘y bergani to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 10:57 da yong‘in joyiga yetib borgan. 11:17 da yong‘in o‘rab olinib, 11:50 o‘chirilgan.


Dastlabki ma’lumotda yong‘in oqibatida bitta xonadon zararlangani aytilgan bo‘lsa, biz voqea sodir bo‘lgan manzilga borganda bu ko‘lam kengroq ekani oydinlashdi. Voqea guvohlarining aytishicha, yong‘in payti portlash ovozi eshitilgan, bu xo‘jalik buyumlaridan chiqqan ovoz bo‘lgan.

"O‘zim kelsam, bu yoqdan, o‘sha qo‘shni tomondan chiqqan ekan. Do‘konning ichidan qanaqadir narsa portlaganmi, “svarka”dan deyishdi, biz yana bilmadik, lekin. Men kelsam, o‘zi yonib, o‘chirib bo‘lishgan ekan, hamma “pojarniy”lar. Ukam bo‘lgan, uyda ukamning o‘g‘li bo‘lgan. Shu qora tutun ichida ikkalasi zo‘rg‘a bir-birini topib, chiqib ketishgan. Shu, mana, shu yerda talafot bo‘lib, mana, ahvol shunaqa”, dedi jabrlanuvchilardan biri.

Yana bir fuqaro esa yongin vaqtida tutundan zaharlanib, shifoxonada bo‘lib qaytganini aytdi.
“Hozir yaxshiman. Ichim achishib ketdi-da, gazning hididan, tutunning hididan. Tutunning, qora tutunning hididan. Chunki men burnimdan nafas olmayman, og‘zimdan nafas olaman. O‘shaning hisobiga men tutun yutib qo‘ydim”, dedi u.

Live
Barchasi