Putin Zelenskiy bilan Jenevada uchrashsa, unga himoya kafolati berishmoqchi

Olam

image

Shveysariya Tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassisning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik konferensiyasini Jeneva shahrida o‘tkazsa, Putinga sud ta’qibidan immunitet beriladi. Bu haqda vazir jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“O‘tgan yili Shveysariya hukumati xalqaro hibs orderi ostida bo‘lgan shaxsga qanday sharoitda immunitet berilishi qoidalarini belgilagan. Agar bu shaxs shaxsiy ishlar uchun emas, balki tinchlik konferensiyasiga kelsa, unga immunitet taqdim etiladi”, degan Inyatsio Kassis. 

Qayd etish joiz, 2023 yilning 7 martida Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ukrainalik bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilish aybi bilan hibsga olish orderini chiqargan edi. Huquqiy jihatdan Shveysariya bu order asosida Rossiya rahbarini hibsga olishga majbur.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham oldinroq Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy uchrashuvini Jenevada o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan edi. Unga ko‘ra, agar uchrashuv XJS yurisdiksiyasini tan oladigan davlatda o‘tkazilsa, Yevropa mamlakatlari “istisno qilishlari” mumkin. Shveysariya allaqachon bu uchrashuvni o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

“Sky News” nashri AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya, Ukraina va AQSH Prezidentlarining uchrashuvini o‘tkazish joyi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv Yevropada o‘tishi kerak. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kecha, 18 avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Emmanuel' Makron Shveytsariya In'yatsio Kassis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing