Sankt-Peterburgda migrantlarga kurerlik qilish taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri hokimiyati migrantlarga kurer va taksi haydovchisi sifatida ishlashni taqiqlamoqchi. Ushbu taqiq yil oxirigacha amal qiladi. Bu haqda shahar ma’muriyati saytida e’lon qilingan hujjatda so‘z boradi.

“2025 yil davomida Sankt-Peterburg hududida faoliyat olib boradigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga patent asosida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolarni quyidagi iqtisodiy faoliyat turlariga jalb qilishni taqiqlash: yengil avtomobilda taksi faoliyati va haydovchili ijaraga beriladigan yengil avtomobillar faoliyati, kurerlik faoliyati, turli transport vositalari yordamida yetkazib berish faoliyati, uyga oziq-ovqat yetkazib berish faoliyati”, deyiladi qaror loyihasida.

Qaror kuchga kirgach, kompaniya va tashkilotlarga ko‘rsatmalarni bajarish uchun 3 oy vaqt beriladi. Mehnat va bandlik qo‘mitasi esa 2026 yil uchun ham shunga o‘xshash taqiqni joriy etish taklifini tayyorlashi lozim.

Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasiga muvofiq, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyada mehnat faoliyatini patent yoki ruxsatnomasiz amalga oshirishi mumkin.

Hujjatda, shuningdek, 1 iyuldan boshlab yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bir qator maxsus talablarni bajara boshlashi lozimligi ko‘zda tutilgan. Bu talablar orasida yetkazib berish reyestrini yuritish va barcha kurerlarni, hatto piyoda ishlaydiganlarini ham geolokatsiya moslamalari bilan jihozlash bor.

Transport vositalaridan foydalanuvchi kurerlar ham bunday qurilmalar bilan ta’minlanadi, ularning harakatlanish tezligi esa 15 km/soat bilan cheklanadi.

Bundan tashqari, kurerlarning kiyimi, transporti va yetkazib berish sumkasida yagona identifikatsiya raqami bo‘lishi majburiy etib belgilanmoqda. Qaror loyihasida, shuningdek, kurerlar va ularning transport vositalari tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan me’yorlarga rioya qilish zarurligi belgilangan. Bu me’yorlarni shahar transport qo‘mitasi belgilaydi.

Qaror gubernator tomonidan imzolanib, rasmiy ravishda e’lon qilingach kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, shunga o‘xshash cheklovlar Rossiyaning boshqa hududlarida ham joriy etilgan. Masalan, Nijegorod viloyatida mehnat patenti asosida ishlayotgan migrantlarga kurer, shifokor va umumiy ovqatlanish sohasida ishlash taqiqlangan. Yamalo-Nenets muxtor okrugida esa migrantlarga transport sohasida ishlash man etilgan.

Joriy yil mart oyida Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Igor Potapenko shahar hududida ro‘yxatdan o‘tgan migrantlar soni 2024 yilda 60 foizga kamayganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, hozirda shaharda taxminan 210 ming migrant bor, ularning qariyb 21 ming nafari bolalar. Potapenkoning fikricha, bu kamayish huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratning kuchaytirilishi bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sankt-Peterburg shahrida 8 mingta kuzatuv kameralari etnik identifikatsiyani aniqlash uchun sozlanishi xabar qilingan edi. Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash esa mansabdorlarning etnik identifikatsiyani kamera tasviridan aniqlash haqidagi bayonotini “inson qadr-qimmatini tahqirlovchi” deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg migrant kur'erlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing