Shomurodov eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi
Sport
−
01 noyabr 7386 2 daqiqa
Kecha, 31 oktyabr kuni Turkiya Superligasi 11-turi doirasida “Istanbul Bashakshehir” o‘z maydonida “Kojayelispor”ni qabul qildi. Uchrashuvda yagona golni O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov urib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi. Bu gol orqali Shomurodov Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purariga aylanib oldi.
Shomurodov bahsda to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi va uchrashuvning 90+1-daqiqasida penaltini aniq amalga oshirib, “Bashakshehir”ga uch ochko taqdim etdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abbos Fayzullayev esa jarohati sabab o‘yinda ishtirok eta olmadi va uchrashuvni terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan birga tribuna orqali kuzatdi.
“Sofascore” nashri Shomurodovning ushbu o‘yindagi harakatlarini 6,5 ball bilan baholadi.
Ayni damda Eldor Shomurodov 7 ta gol bilan Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purariga aylanib oldi. Shomurodov bilan birga “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu ham 7 ta gol bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. “Fenerbahche” futbolchisi Yussef En-Nesiri va “Galatasaray” forvardi Mauro Ikardi esa 6 tadan gol bilan keyingi o‘rinlarda bormoqda.
Ma’lumot uchun, hozirda “Galatasaray” 28 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Trabzonspor” 23 ochko bilan ikkinchi, “Fenerbahche” 22 ochko bilan uchinchi o‘rinda. “Bashakshexir” esa 13 ochko bilan 9-pog‘onada joylashgan.