Slovakiyada poyezdlar to‘qnashdi. O‘nlab odamlar jarohat oldi (video)

Olam

image

Kecha, 9 noyabr oqshomida Slovakiyaning Bratislava va Pezinok shaharlari orasidagi temiryo‘l uchastkasida ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashdi. Halok bo‘lganlar yo‘q, biroq o‘nlab odamlar jarohatlangan, xususan, 20 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda “Denník N” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, poyezdlardan biri ikkinchisining orqa qismiga urilgan. Bir poyezd Bratislavadan, ikkinchisi esa Nitradan yo‘lga chiqqan bo‘lgan.

“Soat 19:31 da 158-liniyaga Pezinok-Bratislava uchastkasida ikki poyezd to‘qnashgani haqida xabar kelib tushdi. Barcha favqulodda xizmatlar voqea joyiga yuborildi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

“Denník N” nashrining yozishicha, bir necha kishi jarohat olgan, ayrim tez yordam mashinalari Bratislavaga yo‘l olgan. Ko‘plab yo‘lovchilar chamadonlarini olib, yaqin atrofdagi supermarket tomonga ketgan.

Nashrning temiryo‘l xizmati ma’lumotiga tayanib yozishicha, to‘qnashuv yuzma-yuz bo‘lmagan, chunki har ikkala poyezd bir yo‘nalishda harakatlanayotgan bo‘lgan. Hodisa sabablari aniqlanmoqda. Temiryo‘l xodimlari to‘qnashuv sodir bo‘lgan uchastkani vaqtincha yopilishi mumkinligini ham istisno etmagan.

“Men barcha yo‘lovchilarning ahvoli yaxshi bo‘lishiga qat’iy ishonaman”, deydi Slovakiya Ichki ishlar vaziri Matush Shutay-Eshtok.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktyabr oyida Slovakiyaning sharqidagi Rojnyava shahri yaqinida ham ikki tezyurar poyezd to‘qnashgan edi. O‘shanda kamida 100 kishi yengil jarohat olgan, politsiya bu ikki poyezd qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Slovakiya Bratislava Pezinok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing