Sobiq basketbol yulduzi hibsga olindi
Sport
−
24 Oktabr 1713 2 daqiqa
49 yoshli sobiq AQSH Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) yulduzi Chonsi Billaps Federal qidiruv byurosi tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli tergov doirasida hibsga olindi. Unga “Mayami Heat” himoyachisi Terri Rozier va “Klivlend Kavalers” murabbiyi yordami bilan bir qatorda pul yuvish, firibgarlik, tovlamachilik va noqonuniy qimor o‘yinlarida ishtirok etganlik ayblovlari qo‘yilgan. Bu haqda “EL MUNDO” nashri xabar berdi.
AQSH prokuraturasining ma’lum qilishicha, Chonsi Billaps mashhur italyan mafiyasi La Cosa Nostra bilan bog‘liq poker o‘yinlarida qatnashgan. Tergov hujjatlarida Bonanno, Gambino va Lukkeze kabi mafiya oilalarining nomlari ham tilga olingan. Ayrim qurbonlar bitta o‘yinning o‘zida 1,8 million dollargacha mablag‘ yo‘qotgan. Firibgarlar yashirin linzalar va manipulyatsiya qilingan aralashtirish moslamalari orqali kartalarni “o‘qish” texnologiyasidan foydalangani aytilmoqda.
Chonsi Billaps va boshqa gumondorlarning sportdagi nufuzi, bu noqonuniy tarmoqqa yangi ishtirokchilarni jalb etishda muhim rol o‘ynagan. NBA rasmiylari tergov yakuniga qadar Billapsni faoliyatdan vaqtincha chetlashtirdi.
Bir paytlar “Mr. Big Shot” laqabi bilan tanilgan Chonsi Billaps 2004 yilda “Detroyt Pistons” jamoasi bilan NBA chempioni bo‘lib, finalning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan edi. U 2010 yilda AQSH terma jamoasi bilan jahon chempionligini ham qo‘lga kiritgan. 17 mavsum davomida professional darajada o‘ynagan Billaps “Boston”, “Toronto”, “Denver”, “Minnesota” va “Detroyt Pistons” klublarida o‘ynagan, faoliyati davomida 100 million dollardan ortiq daromad topgan.
2014 yilda sportni tark etgan Billups televideniye sharhlovchisi sifatida faoliyat yuritdi, 2021 yildan esa “Portlend Treyl Bleyzers” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan edi. Endi esa Billups tergov yakuniga qadar sportdan vaqtincha chetlatildi. Bir vaqtlar g‘urur va sovuqqonlik timsoli bo‘lgan “Mr. Big Shot” nomi bugun mutlaqo boshqa sarlavhalar ostida tilga olinmoqda.
Live
Barchasi