Toshkentda filtr o‘rnatmagan 10 ta issiqxona yopildi
Jamiyat
−
28 noyabr 1595 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi yana 10 ta issiqxona yopildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi хабар berdi.
Qayd etilishicha, “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent tumanida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar bo‘yicha ekologik monitoring ishlari davom ettirilgan.
Tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Chig‘atoy, Kensoy, Qirariq, Ko‘ksaroy va Shamsiobod mahallalaridagi 32 ta issiqxona tekshirilgan. Ko‘mir yoqilg‘isida isitilayotgan 10 ta issiqxonada havo tozalash uchun mo‘ljallangan filtr qurilmalari yo‘qligi va yana 3 tasida chiqindilarni yoqish holatlari aniqlangan. Hududiy ekologiya bo‘linmalari tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, 10 ta issiqxonaning faoliyatini to‘xtatish choralari ko‘rilgan.
Mutaxassislar tomonidan ko‘mir yoqish vaqtida o‘rnatilishi zarur bo‘lgan filtr qurilmalarining me’yoriy talablari, chiqindilarni belgilangan tartibda yo‘q qilish borasidagi zaruriy tushuntirishlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda havoni ifloslantirgan 20 ta korxona yopilgandi.
Live
Barchasi