Toshkentda IIO mansabdoriga 50 ming dollar pora berildi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida ichki ishlar xodimiga pora bergan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, internetda olib borilgan monitoring-kuzatuv tadbirlarida respublika, jumladan, Toshkent shahri hududida ijtimoiy tarmoqlarda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish, shuningdek, xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish amaliyotini amalga oshirib kelayotgan bir nechta shaxslardan iborat 4 kishilik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Ular xorijiy onlayn qimor kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, qimor o‘yinlari orqali olingan mablag‘larni turli kriptovalyuta platformalari orqali o‘tkazgan va legallashtirgan. IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 4 dona mobil telefon va pul yuvish uchun foydalanilgan 21 dona bank kartasi, shuningdek 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, tergov bo‘limiga topshirilgan.

Olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi shaxs o‘zi va sheriklarini jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ul rahbarlaridan biriga 50 ming dollar pora taklif qilgan. Mansabdor esa porani rad etgan. U IIBB rahbariyatiga bildirgi bilan murojaat qilgan. Shundan so‘ng IIV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi va prokuratura bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi IIO mansabdorining xizmat xonasiga kirib, porani berayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov jarayonlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida ichki ishlar xodimiga pora bergan shaxs qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB pora jinoiy guruh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing