Toshkentda yuqori sinflar davomati kameralar orqali nazorat qilinadi
Jamiyat
−
31 avgust 5309 1 daqiqa
Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarining 10- va 11-sinf xonalariga maxsus kameralar o‘rnatilib, ularda “Smart School” elektron dasturini joriy qilish orqali yuqori sinf o‘quvchilarining davomati nazorat qilinadi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov joriy yilning 29 avgust kuni qaror qabul qildi.
Maxsus kameralar tuman mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘rnatiladi.
Qarorda yozilishicha, poytaxtning Olmazor tumanida sinov tariqasida 31 ta umumta’lim maktablarining 250 ta sinflarida “Smart School” elektron dasturi orqali maktablarda ta’lim sifatini doimiy nazorat qilish, sinflarda o‘quvchilar davomatini aniqlash, ularning ruhiy holatini sun’iy intellekt orqali aniqlash, shuningdek, o‘quvchilarning fanlarga qiziqishlarini hamda o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini baholash imkoni yaratilgan.
Qaror ijrosini nazorat qilish uchun shahar hokimining o‘rinbosari D.Rahimova mas’ul etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazishda ularning fiziologiya va antropometriya holatiga baho berish orqali sport turiga bo‘lgan qobiliyatini aniqlash va sportga yo‘naltirish bo‘yicha elektron tizim yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi