Trampning bosh maslahatchisi O‘zbekistonda tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Serjio Gor ismli eng ishongan xodimlaridan biri Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bu haqda Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida axborot berish loyihasi (Organized Crime and Corruption Reporting Project) xabar berdi.

Loyihaning yozishicha, shu paytgacha Amerika ommaviy axborot vositalarida “eng kuchli odam” sifatida ta’riflangan, Oq uyda Tramp ma’muriyatida minglab amaldorlarni tayinlashni nazorat qilgan ushbu shaxs 1986 yil 30 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning haqiqiy ismi – Serjio Goroxovskiy.

Gorning advokati Robert Garson ham uning Toshkentda tug‘ilganini tasdiqlagan. Gorning o‘zi avvalroq qayerda tug‘ilganini aytishdan bosh tortgan edi. 2024 yil dekabrda “The Washington Post” gazetasida Serjio Gor haqida maqola chop etilgandi. Unda Gor Tramp ma’muriyatida “kuchli odam”ga aylanganiga qaramay, uning past darajadagi ijtimoiy obro‘si ta’kidlangandi – uning tug‘ilgan joyi haqidagi savol butunlay chetlab o‘tilgandi. Gazeta uni Maltadan chiqqan muhojir sifatida tasvirlagandi.

Joriy yilning iyun oyida u haqida “New York Post” gazetasi ham yozgandi. Gor esa doimgidek gazetaga o‘zining tug‘ilgan mamlakatini oshkor qilishdan bosh tortgandi va faqat u Rossiyada emasligini aytgandi.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Gor bolaligining kamida 5 yilini Maltada o‘tkazgan. Uning onasi 1994 yilda Maltada kompaniyaga asos solib, o‘zini Isroil fuqarosi deb qayd etgan. Kompaniya orqali u mustahkam portga ega qadimiy qirg‘oq shahri – Kospikuada uy sotib olgan.

2021 yilda Gor bu uyni onasining kompaniyasidan 255 ming yevroga (268 ming AQSH dollari) sotib olgan, notarial tasdiqlangan mulk hujjatida uning O‘zbekiston poytaxtida tug‘ilgani yozilgan. Advokat Garsonning so‘zlariga ko‘ra, bu uy Gor oilasining xotiralarga boy uyi bo‘lgan va uni u xotiralar tufayli saqlab qolishni istagan.

Kospikua yaqinidagi Vittorioza shahridagi o‘g‘il bolalar uchun katolik maktabi bo‘lgan De La Salle kolleji Serjio Goroxovskiy 1996-1999 yillar oralig‘ida Maltada tahsil olganini tasdiqlagan.

Gorning oilasi keyinchalik AQSHga ko‘chib o‘tgan va u Amerika fuqarolgini olgan. Siyosiy karerasini Respublikachilar partiyasida boshlagan va senator Rend Pol bilan ishlagan. 2018 yilda Pol bilan birga Moskvaga safar qilgan, safar Cato Institute tomonidan moliyalashtirilgan. Safar “AQSH-Rossiya munosabatlarini o‘rganish” maqsadida tashkil etilgani aytilgan.

U 2017 yilda ham Moskvada bo‘lgan – Rossiya chegara hujjatlariga ko‘ra, u Vashingtondan “Aeroflot” orqali uchib kelgan va ertasiga Rimga uchib ketgan. Advokati bu safarlarni “oddiy tranzit” deya izohlagan va boshqa taxminlarni rad etgan.

2020 yilda Serjio Gor Rend Polning idorasini tark etib, Trampning qayta saylanish kampaniyasida moliyaviy shtab boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Keyinchalik Trampning o‘g‘li Donald Tramp Junior bilan birga Winning Team Publishing deb nomlangan konservativ nashriyotga asos solgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oq uy Serjio Goroxovskiy bosh maslahatchi Serjio Gor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing