“Tramp ag‘dariladi”. Xomanaiy xalqqa murojaat qildi (video)
Olam
−
09 yanvar 13536 3 daqiqa
Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH Prezidenti Donald Trampni ogohlantirdi va u baribir qulatilishini aytdi. Bu haqda u bugun, 9 yanvar kuni televideniye orqali xalqqa yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi.
U nutqida Erondagi norozilik namoyishlari haqida gapirib, mamlakatni beqarorlashtirishga urinayotgan kuchlar xorijdan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirgan.
“Tramp shuni bilib qo‘ysin: Fir’avn, Nimrud, Rizo Shoh va Muhammad Rizo kabi dunyo zolimlari mag‘rurligining eng yuqori cho‘qqisida qulatilgan. U ham qulatiladi”, deydi Xomanaiy.
U Eron tartibsizliklar qarshisida ortga chekinmasligini aytgan.
“Hamma bilsin: Islom Respublikasi yuz minglab sharafli insonlarning qoni evaziga hokimiyatga kelgan va buzg‘unchilar qarshisida hech qachon orqaga chekinmaydi”, deydi u.
Mamlakatdagi norozilik namoyishlariga to‘xtalar ekan, Xomanaiy namoyishchilarni AQSH Prezidentini mamnun qilish uchun harakat qilayotganlikda ayblagan.
“Ular uni xursand qilishni xohlaydi. Agar u davlatni qanday boshqarishni bilganida edi, o‘z mamlakatini boshqargan bo‘lardi”, degan Xomanaiy va Qo‘shma Shtatlarning o‘zida ham juda ko‘p muammolar borligini qo‘shimcha qilgan.
Xomanaiy 2025 yil iyun oyidagi hujumlarni eslar ekan, 12 kunlik urushda mingdan ortiq eronlik shahid bo‘lganini, AQSH Prezidenti “Men buyruq berdim va hujumni boshqardim”, deganini aytib, buni “uning qo‘llari eronliklar qoni bilan bulg‘anganini tan olish” deb baholagan.
Shu bilan birga, Xomanaiy tarafdorlarini birlikni saqlashga chaqirgan.
“Aziz yoshlar, tayyorgarligingizni va asrang. Birlashgan xalq har qanday dushmanni yengadi”, deydi u.
Erondagi namoyishlar
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning so‘nggi kunlarida Eron poytaxti Tehronda mahalliy valyuta – eron riali qiymatining keskin pasayishi fonida norozilik namoyishlari boshlangan edi.
Keyinroq bu namoyishlar kuchayib ketdi. Og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflyatsiya fonida boshlangan namoyishlarning beshinchi kunida norozilik chog‘ida 6 kishi halok bo‘lgani va 17 kishi jarohat olgani ma’lum bo‘ldi.
3 yanvar kuni Oyatulloh Ali Xomanaiy birinchi marta mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari haqida ochiq gapirdi. Davlat televideniyesida so‘zlagan nutqida u voqealarni “ichki va tashqi dushmanlarning fitnasi” deb atagan va “tartibsizliklarni qo‘zg‘atuvchilar”ning harakatlariga qattiq qarshilik ko‘rsatishni talab qilgandi.
Ushbu tartibsizliklaring to‘qqizinchi kunida kamida 35 kishi halok bo‘lgani, 1200 dan ortiq odam hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. O‘sha vaqtga kelib 2025 yil 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari mamlakatdagi 31 viloyatning 27 tasida, kamida 88 shaharda kuzatildi. Huquq himoyachilarining yozishicha, ba’zan Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan.
6 yanvardan bugun, 7 yanvarga o‘tar kechasi esa Eronning Iroq bilan chegaraga yaqin joylashgan Obidanon shahri (Ilom viloyati) namoyishchilar tomonidan to‘liq nazoratga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq keyinroq, Eronning “Tasnim” va “Mehr” axborot agentliklari G‘arb OAVlarida tarqalgan Malikshohi okrugi va Obidanon shahri namoyishchilar tomonidan egallab olingani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Tartibsizliklarning 12-kunida esa mamlakatda internet segmentidagi trafik butunlay o‘chirildi. Cloudflare IT-kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 8 yanvar kuni Erondagi internet-trafik qariyb 90 foizga kamaygan. Taxminlarga ko‘ra, internetdan erkin foydalanish faqat mansabdorlar va kuch tuzilmalari vakillarida saqlanib qolgan.