Trampning odami Lukashenkoga ozdiradigan dori tavsiya qildi
Olam
−
24 dekabr 2575 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Belarus bo‘yicha maxsus vakili Jon Koul Minskka tashriflari va Aleksandr Lukashenko bilan olib borgan muzokaralari chog‘ida unga vazn tashlash uchun mo‘ljallangan dori vositalarini qabul qilishni taklif qilgan. Bu haqda manbasiga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
WSJ suhbatdoshining aytishicha, uchrashuvlardan biri davomida bo‘lgan kechki ovqat paytida Lukashenko aprel oyidagi oxirgi uchrashuvdan beri Koul ancha ozganini qayd etgan. Koul bunga javoban hazil tariqasida vazn kamaytirish uchun mo‘ljallangan “Zepbound” nomli preparatni qabul qilayotganini aytgan.
Nashr yozishicha, kechki ovqat davomida sanksiyalarni yumshatish masalasi ham muhokama qilingan. Suhbat asnosida Lukashenko Kouldan:
“Siz ozib ketdingizmi?” deb so‘ragan.
“Ha”, deb javob bergan Koul va buni “Zepbound” qabul qilishi bilan izohlagan. Shuningdek, Koul Lukashenkoga ushbu preparat ishlab chiqaruvchisi – Eli Lilly kompaniyasining broshyurasini ham topshirgan.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, bu preparat haqidagi suhbat siyosatchilar o‘rtasida ilk bor ko‘tarilmagan: Lukashenko bahorda Koulning Belarusga tashrifi chog‘ida ham vazn kamaytirishga mo‘ljallangan dorilarga qiziqish bildirgan. Manbaning ta’kidlashicha, amerikalik vakil Lukashenkoga vazn kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishni qat’iy tavsiya qilgan.
Shu bilan birga, Lukashenko xususiy tarzda Koulga AQSHdan ko‘proq Boeing samolyotlarini sotib olishni taklif qilgan, biroq bunda kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchilariga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishi shart qilib qo‘yilgan.
WSJ yozishicha, Koul va boshqa amerikalik muzokarachilar bunday kelishuv amerikalik fermerlar uchun foydali bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Evaziga Minskdan ko‘plab mahbuslarni ozod qilish talab etilgan.
Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, Belarus tomoni 123 nafar mahbusni ozod qilgan. Ular orasida Nobel tinchlik mukofoti laureati, “Vesna” inson huquqlari markazi asoschisi va rahbari Ales Belyatskiy, muxolifat vakili Mariya Kolesnikova hamda Lukashenkoning saylovlardagi sobiq raqibi Viktor Babariko ham bor. Shundan so‘ng AQSH Moliya vazirligi Belarus YAIMining taxminan 4 foizini tashkil etuvchi uchta kaliy kompaniyasiga nisbatan sanksiyalarni yumshatgan.
Biroq keyinchalik, gazetaning eslatishicha, Lukashenko Belarus parlamentida so‘zlagan nutqida Minsk allaqachon Rossiya samolyotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan.
Keyinroq Koul yaqin oylarda Belarus tomonidan yana taxminan 1 ming nafar mahbus ozod qilinishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bunday holatda Minskka nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning aksariyatini bekor qilish mumkin bo‘ladi.
Live
Barchasi