To‘qayev Mirziyoyevning barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi (video)
Jamiyat
−
16 noyabr 2519 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bergan takliflarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
“Jahon maydonida yuz berayotgan o‘zgarishlar sharoitida mamlakatlarimiz mintaqani Yevrosiyoning asosiy transport-logistika markaziga aylantirish uchun noyob imkoniyatga ega, bu haqda hozirgina hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishonchli tarzda gapirib o‘tdi”, dedi u o‘z nutqida.
To‘qayev O‘zbekiston Prezidentini Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi va u haqiqatdan ham muhim forum ekanini aytib o‘tdi.
“Hozirgi kunda xalqlarimizning noyob tarixiy-madaniy merosiga asoslangan mintaqaviy o‘ziga xoslikni mustahkamlash ayniqsa muhimdir. Kecha biz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdik. Bu ulug‘vor, noyob inshootdir. Haqiqatan ham, bu ilmiy, sayyohlik, etnomadaniy loyihadir”, ta’kidlaydi u.
Qozog‘iston rahbari Prezident Mirziyoyevning Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkinligi haqidagi fikriga ham qo‘shilishini aytdi.
“Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan formatimizning institutsional asoslarini mustahkamlash bo‘yicha bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashimni bildirmoqchiman. O‘ylaymanki, ishchi tartibda biz bu masalalarni muhokama qilib, tegishli ilovalarni qonunchilik yoki har qanday holatda shartnoma tartibida tasdiqlashga erishishimiz mumkin”, deydi qo‘shni davlat yetakchisi.
To‘qayev so‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisiga sammitni o‘tkazish uchun ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va ajoyib sharoitlar uchun minnatdorligini bildirdi.
U Toshkentdagi matbuot anjumanida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma gaz loyihasi muvaffaqiyatli ekani, gaz tranzitini kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Toshkentga kelgan va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgandi. Ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan bugun, 16 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Live
Barchasi