Urush hududlarida ayol qurbonlar ko‘paymoqda 

Olam

image

So‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan qurolli mojarolar, ayniqsa, ayollar va qizlar uchun katta azob-uqubatlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2025 yilga mo‘ljallangan ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 676 million ayol mojaro zonalaridan 50 kilometr uzoqlikda istiqomat qiladi. Bu 1990 yillardan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ayollar va bolalar o‘limi oldingi ikki yillik davrga nisbatan to‘rt baravar ko‘paygan. Hisobotda, shuningdek, dunyo miqyosida ikki yil ichida mojaro bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik 87 foizga oshgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ayollarning muzokaralarda ishtiroki tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ilmiy jihatdan isbotlangan bo‘lsa-da, ular hali ham qaror qabul qilish jarayonidan deyarli chetda qolmoqda. 

2024 yilda o‘nta tinchlik jarayonining to‘qqiztasida hatto bitta ham ayol muzokarachi bo‘lmagan. Ayollar global miqyosda muzokarachilarning atigi 7 foizini, vositachilarning esa 14 foizini tashkil etgan. Shuningdek, 2024 yilda jahon harbiy xarajatlari 2,7 trillion dollardan oshgan bo‘lsa-da, mojaro zonalaridagi ayollar tashkilotlari yordamning atigi 0,4 foizini olganiga e’tibor qaratiladi. Shu sababli, ko‘pchilik tashkilotlar yopilish arafasida.

Eslatib o‘tamiz, UNICEF’ning 2024 yilning dekabr oyida chop etilgan hisobotida urush hududlarining soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga yetgani qayd etilgandi. O‘sha davr holatida taxminan 473 million bola, ya’ni dunyo bo‘yicha har besh bolaning biri zo‘ravonlik hukm surayotgan hududlarda yashagan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qurbonlar ayollar Urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing