Uyma-uy dars o‘tgan o‘qituvchilarga yo‘lkira kompensatsiya qilinadi
Jamiyat
−
26 noyabr 1835 2 daqiqa
O‘zbekistonda endi uyda yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarni, shu jumladan, 1 xil yoshdagi va 1 ta manzildagi 2 va undan ortiq o‘quvchilarni o‘qitganlik uchun maktab o‘qituvchilariga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida oylik yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi. 2025 yil 24 noyabrdagi 740-sonli hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga shuni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu o‘zgartishlar ta’lim tizimi xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularning qo‘shimcha xarajatlarini qoplashga qaratilgan. Qarorga ko‘ra, uy sharoitida yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarga dars o‘tagan maktab o‘qituvchilariga har oyda BHMning 1 baravari miqdorida yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi. Kompensatsiya bir xil manzilda yashovchi, teng yoshdagi ikki va undan ortiq o‘quvchini o‘qitish holatida ham amal qiladi.
Bunda maktabdan o‘quvchining yashash manziligacha bo‘lgan masofa kamida 1,5 km bo‘lganda yo‘l xarajatlari qoplanadi. Bir o‘quvchiga bir nechta o‘qituvchi biriktirilgan hollarda, kompensatsiya har bir o‘qituvchining amalda o‘tgan dars soatlari ulushiga mutanosib ravishda hisoblanadi.
Shuningdek, qarorda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oid qo‘shimchalar ham belgilangan. Unga ko‘ra, tarbiyachi yoki tibbiyot hamshirasi vaqtincha ishda bo‘lmagan davrda ularning vazifalari ichki buyruq asosida o‘rinbosarlik (ўриндошлик) tarzida rasmiylashtiriladi.
Bajarilgan ish uchun mazkur lavozimlar bo‘yicha 100 foiz, boshqa lavozimlar bo‘yicha esa 50 foiz miqdorida ish haqi to‘lanadi. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimning umumiy ish yuklamasi 1,5 stavkadan oshmasligi shart.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq maktablarda 60 ming o‘qituvchi 8-12 million so‘m maosh olayotganligi haqida xabar berilgandi.
Komila Qobilova
Live
Barchasi