O‘zbekiston Avstraliyaga yangi elchi tayinladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston elchisi (qarorgohi Singapur shahrida) Alisher Qayumov Avstraliya general-gubernatori Samanta Mostinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Qayd etilishicha, rasmiy marosim Kanberra shahrining “Government House” rezidensiyasida bo‘lib o‘tgan. Avstraliya General-gubernatori bilan suhbat davomida so‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan O‘zbekiston–Avstraliya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari batafsil muhokama qilingan.

Samanta Mostin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilgan natijalarni alohida qayd etgan.

Avstraliya va O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rtasidagi o‘xshashliklar, xususan, paxtachilik va tog‘-kon sanoati sohalari muhim rol o‘ynashi qayd etilib, bu innovatsiya va investitsiyalar yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik uchun keng istiqbollarni yaratishi ta’kidlangandi.

Shuningdek, General-gubernator yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan UNESCO bosh konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidlab, avstraliyalik turistlar uchun O‘zbekiston tobora jozibador yo‘nalishga aylanayotganini bildirgandi.

Suhbat yakunida Samanta Mostin ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yetkazgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Avstraliya elchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing