O‘zbekistonda 1 yilda ovqatdan zaharlanish bo‘yicha 44 ta holat kuzatilgan (video)
Jamiyat
−
25 fevral 1034 2 daqiqa
2025 yil davomida O‘zbekistonda ovqatdan zaharlanish bo‘yicha 44 ta holat kuzatilgan. Bu haqda kecha, 24 fevral kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan Sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlashda olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilgan. Ulardan 6 tasi maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilari orasida va 29 tasi uy sharoitida kuzatilgan. Shu bilan birga, o‘tgan yil davomida O‘zbekistonda 29 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida jami 63 nafar, jumladan, 17 nafar bola jabrlangan.
Shuningdek, qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan 2025 yil davomida 3877 ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 82 foizi ijobiy hal etilgan yoki huquqiy ma’lumot berish orqali qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari, 2025 yilda 33 230 tonna sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarni aniqlangan.
“O‘rganishlar davomida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 33 230 tonna oziq-ovqat mahsulotlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilindi. Mahsulotlar turiga qaralganda eng ko‘p 259 tonna shakar va qandolat mahsulotlari, 251 tonna spirtli va salqin ichimliklari, 220 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, 106 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri kelgan”, deydi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Shahrisabz tumanida qo‘lbola usulda sifatsiz yog‘ ishlab chiqarayotgan sexlar aniqlangan edi.
Live
Barchasi