O‘zbekistonda 5 davlat ishtirokidagi yirik harbiy mashg‘ulot boshlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi eng katta poligon – Markaziy harbiy okrugga qarashli “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida Markaziy Osiyo davlatlarining mudofaa vazirliklari ishtirokida yirik harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligining harbiy hamkorlik doirasidagi eng katta o‘quv mashg‘ulotlaridan biri – “Birlik – 2025”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Mashg‘ulotda qatnashish uchun Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Ozarbayjondan ishtirokchilar kelgan.

Qayd etilishicha, ushbu harbiy mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, harbiy hamkorlikni kuchaytirish, jahonda tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar sharoitida zamonaviy chaqiriqlarga samarali qarshi turishda yaqin sherikchilik aloqalarini yanada mustahkamlashdir.

Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar hozirgi zamon jangovar tajribasidan kelib chiqqan holda, jang qilishning eng samarali usullarini qo‘llash, uzoq masofadagi nishonlarni yo‘q qila oladigan artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurollardan foydalanib, o‘quv-jangovar vazifani birgalikda bajarishi rejalashtirilgan.


Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-10 iyul kunlari Ozarbayjon va Qozog‘iston “Tarlan-2025” qo‘shma parvoz-taktik mashg‘ulotlarini o‘tkazgan edi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston harbiy mashg'ulot Tojikiston O'zbekiston Markaziy Osiyo Qirg'iz Respublikasi O'zbekiston Mudofaa vazirligi Ozarbayjondan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing