Vashingtonda C5+1 ning 10 yilligi nishonlandi
Jamiyat
−
06 noyabr 3979 2 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan S5+1 platformasining 10 yilligini nishonladi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Vashington shahrida hamkasblarimiz bilan birgalikda S5+1 platformasining o‘n yilligini nishonladik. Samimiy qabul uchun AQSH Davlat kotibi Marko Rubio janoblariga chuqur minnatdorlik bildiramiz”, deya yozgan Saidov.
O‘zbekiston TIV rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, hamda mintaqaviy barqarorlik va doimiy taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida barcha birgalikda harakat qilmoqda.
“O‘zbekiston mintaqamizda tinchlik, farovonlik va umumiy rivojlanish yo‘lida konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirish borasidagi sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, degan Saidov.
Ma’lumot uchun, S5+1 formati aslida 2015 yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri 2023 yil 19 sentyabrda birinchi marta davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazildi. Tadbirda AQSH Prezidenti Jo Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashgan. Bugun, 6 noyabr kuni shu formatdagi sammit Oq uyda o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokusning hamraisi, senator Stiv Deynsni qabul qilgandi.