Yangi Toshkentga boradigan metro qachon qurib bitkazilishi aytildi (video)
Jamiyat
−
14 avgust 11782 1 daqiqa
Yangi Toshkent shahridagi ilk metro yo‘nalishi 2026 yil oxirigacha qurib bitkaziladi. Bu haqda Yangi Toshkent direksiyasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, loyiha qiymati 110 mln AQSH dollarini tashkil etib, uning doirasida 8 km uzunlikdagi 3 ta bekatdan iborat metro quriladi. Turkiyaning “Xvav Yapi Sanayi Ve Tic.A.S.” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha “Do‘stlik” bekatidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yo‘nalishning bir qismi bo‘ladi.
Loyiha qiymatining 11 mln dollari 2025 yilda, qolgan 99 mln dollari esa 2026 yilda o‘zlashtirilishi reja qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy yil 16 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgan va unda Yangi Toshkent shahriga ham boradigan metro yo‘li barpo etilishi ko‘rsatilgan. U hozirgi “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro kuniga 230 minggacha yo‘lovchilarni qamrab ololadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 avgust sanasidan boshlab Toshkent metrosining 6 ta bekatdan iborat “Texnopark – Yangiobod” bekatlari oralig‘ida metro poyezdlar harakati to‘xtatilgandi. Bunga sabab sifatida rejali profilaktik ishlar ko‘rsatilgan.