Zelenskiy Tramp bilan uchrashish uchun AQSHga bordi

Olam

image

Kecha, 27 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHga tashrif buyurdi. Bu haqda “Euronews” nashri muxbiri xabar berdi.

Ukraina yetakchisi AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bugun, 28 dekabrda uchrashadi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat rahbarining uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da Florida shtatining Palm-Bich shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa ham X ijtimoiy tarmog‘ida “Xayrli kech, Florida” degan qisqa yozuv qoldirgan.

Avvalroq, Zelenskiy Tramp bilan muzokaralarda xavfsizlik kafolatlari, ularning muddati, shuningdek, mamlakatni tiklash uchun iqtisodiy yordam masalalarini muhokama qilishni rejalashtirayotganini bildirgan edi.

Tramp bilan bo‘ladigan uchrashuv arafasida Ukraina Prezidenti Kanadaga borib, u yerda Bosh vazir Mark Karni bilan uchrashdi, shuningdek, Yevropa davlatlari yetakchilari bilan ham muloqotlar o‘tkazdi.

“Bugungi suhbat davomida hozir diplomatik yo‘nalishda qanday harakat qilayotganimizni muhokama qildik. Birgalikda eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdik. Ukraina ko‘rsatilayotgan barcha yordamni qadrlaydi. Ertaga Prezident Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng suhbatni davom ettiramiz”, degan Zelenskiy.

U Ukrainaga “ham frontda, ham diplomatiyada kuchli pozitsiyalar zarurligini” ta’kidlab, Kanada va Yevropa davlatlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. Mark Karni Ukrainaga qo‘shimcha 2,5 milliard dollar miqdorida iqtisodiy yordam ajratilishini e’lon qilgan.

Tramp Zelenskiy bilan uchrashuv davomida tinchlik kelishuviga erishish uchun “yaxshi imkoniyatlar borligini” aytgan. Shu bilan birga, Oq uy rahbari Ukrainaning 20 banddan iborat tinchlik rejasiga nisbatan sovuqqon munosabat bildirgan.

Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov esa ukrainlar va yevropaliklar tomonidan tinchlik rejasiga kiritilayotgan takliflar “ijobiy natija bermaydi”, degan fikrni bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan uchrashuv arafasida tinchlik muzokaralaridagi Ukraina uchun aniq “qizil chiziqlar”ni ma’lum qilgandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun “qizil chiziqlar” – hududiy masalalar, Zaporoje AES va xavfsizlik kafolatlari hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing