Joze Mourinyu 25 yildan so‘ng yana “Benfika”da!
Sport
−
19 Sentabr 2200 2 daqiqa
Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyuni Brunu Lajining o‘rniga rasman “Benfika” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Oradan qariyb 25 yil o‘tib, portugaliyalik mutaxassis yana “Eshtadiu da Lush”ga qaytdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
62 yoshli murabbiy Chempionlar ligasida “Qorabog‘”dan mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng iste’foga chiqarilgan Brunu Laji o‘rnini egalladi. Mourinyu oxirgi bor Turkiyaning “Fenerbahche” klubini boshqargan edi. U “Benfika” bilan 2026-2027 yilgi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi, tomonlar istalgan payt uni bekor qilish huquqiga ega.
“Benfika” jamoasi yangi bosh murabbiyni tanishtirish maqsadida Joze Mourinyu ishtirokida taqdimot marosimi tashkil etdi.
“Mening va’dam shuki, men “Benfika” uchun yashayman, muxlislar uchun ishlayman. Bu dunyoning eng yirik klublaridan biri va men katta mas’uliyatni his qilyapman. Musobaqalarda g‘olib chiqishni istayman”, deydi Mourinyu taqdimot marosimida.
Mourinyuning yangi jamoasi bilan debyuti Portugaliya chempionatining 6-turida AVS SAD jamoasiga qarshi uchrashuvda bo‘ladi. Hozircha “Benfika” 10 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda, peshqadam “Portu”dan 5 ochkoga ortda bormoqda, biroq bitta zaxira o‘yini bor. Qiziq jihati shundaki, Mourinyuning Chempionlar Ligasidagi ilk sinovi “Chelsi”klubiga qarshi “Stemford Bridj”da bo‘lib o‘tadi. Mourinyu aynan “Chelsi” jamoasi boshqaruvida butun dunyoga mashhur bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Mourinyu 2000 yilda ilk bor “Benfika”ni boshqargan, o‘shanda atigi 11 o‘yinda jamoani maydonga boshlab chiqqan (6 g‘alaba, 3 durang, 2 mag‘lubiyat). O‘sha davrdagi eng muhim yutug‘i derbidagi “Sporting” ustidan qozonilgan yirik g‘alaba edi. Shundan beri u “Portu”, “Chelsi”, “Inter”, “Real Madrid”, “Manchester Yunayted”, “Tottenhem”, “Roma” va “Fenerbahche” jamoalarini boshqardi. Mourinyu faoliyati davomida Angliya Premer-ligasi, La Liga va Portugaliya chempionatida, shuningdek, ikki marta Chempionlar ligasida, Yevropa ligasi hamda Konferensiya ligasida g‘olib chiqqan, futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyu aynan “Benfika” jamoasiga qarshi UEFA Chempionlar Ligasi saralash bosqichidagi mag‘lubiyatdan so‘ng “Fenerbahche” bosh murabbiyligidan ozod qilingandi.
Live
Barchasi