Angrenda zo‘ravonlikka uchragan qiz Toshkentdagi shifoxonaga joylashtirildi (video)
3-sahifa
−
25 iyul 34830 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Hozirda jabrlanuvchi qiz Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, agentlik tashabbusi bilan Angren shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi va vasiylik organlari vakillari ishtirokida joyiga chiqqan holda har tomonlama o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Qizning oila a’zolari, shifokorlar va psixologlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan hamda vaziyatga kompleks baholash berilgan.
“Bolaning holati va mutaxassislar tavsiyalarini inobatga olgan holda, Agentlik tashabbusi bilan Y.S. Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirildi. Uning davolash rejasini aniqlash maqsadida yetakchi mutaxassislardan iborat shifokorlar konsiliumi tashkil etildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tibbiy yordam bilan birga, qizning ruhiy holatiga yetarli e’tibor qaratilib, ijtimoiy xizmatlarning malakali mutaxassislari ishtirokida psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
“Agentlik bola va uning oilasiga to‘liq tiklanish jarayonida to‘liq hamrohlikni ta’minlamoqda.
Agentlik ko‘magida mazkur ish yuzasidan tergov jarayoni Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan. Barcha zarur protsessual harakatlar davom etmoqda. Asosiy maqsad – bola huquqlarini himoya qilish va aybdorlarni qonuniy javobgarlikka tortish”, deyiladi agentlik xabarida.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 15 maydan kuchga kirgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, monitoring qilish va amalga oshirish uchun vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi holat yuzasidan joriy yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham kecha, 24 iyul kuni Angrenga borib, jabrlangan qiz bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.
Live
Barchasi