Banan olib kelgan kemadan 1,5 tonna kokain topildi

3-sahifa

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga Ekvadordan yetib borgan kemada og‘irligi 1,5 tonnadan ortiq bo‘lgan kokain yuki topildi. Bu haqda Rossiya Federal bojxona xizmati xabar berdi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Federal bojxona xizmati xodimlari kokainni banan solingan yuk orasidan topgan. Ularning ta’kidlashicha, bu Rossiya bojxona xizmati tomonidan amalga oshirilgan eng yirik kokain musodarasi bo‘lgan.

Yuk 29 avgust kuni Sankt-Peterburg dengiz portiga yetib borgan “Cool Emerald” kemasidan topilgan bo‘lib, unda kokain solingan 1500 dona briket bo‘lgan. Kemada o‘rami bilan birga og‘irligi 1750 kg (sof og‘irligi 1515 kg) bo‘lgan 63 quti bo‘lgan. Briketlardan biriga “Fendi” deb belgi qo‘yilgan.

Yukning qora bozordagi qiymati 20 milliard rublga (240 ming AQSH dollari) baholanmoqda.

Holat yuzasidan Boltiqbo‘yi bojxona xizmati tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi (Giyohvandlik vositalarining o‘ta yirik miqdordagi kontrabandasi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

“Hozirda narkotik moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh a’zolarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Rossiya Federal bojxona xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg kokain banan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing