Bugun TDT rahbarlari Budapeshtda uchrashadi

Jamiyat

image

Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) davlat rahbarlarining norasmiy sammiti bugun, 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilot kotibiyati xabar berdi. 

Unga ko‘ra, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mezbonlik qiladigan sammitda TDTga a’zo davlatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etadi. Bundan tashqari, sammitda kuzatuvchi davlatlarning TDTdagi vakillari va tashkilot Bosh kotibi ham ishtirok etadi. 

Ushbu sammit TDT tarixida birinchi marta kuzatuvchi davlat tomonidan tashkil etilmoqda. Qayd etilishicha, sammit Vengriyaning turkiy davlatlar bilan har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishdagi izchil rolini o‘zida aks ettiradi. 

“Sharq va G‘arbning uchrashuv joyi” shiori ostida o‘tadigan norasmiy sammit davlat rahbarlari uchun ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy va global miqyosdagi umumiy masalalarni muhokama qilishda muhim imkoniyat bo‘ladi. 

Sammit yakunida Turkiy davlatlar tashkilotining umumiy qarashlari va strategik yo‘nalishini tasdiqlovchi Budapesht deklaratsiyasi qabul qilinishi, qator muhim qaror va tashabbuslar e’lon qilinishi kutilmoqda. 

Norasmiy sammit arafasida TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi sammit kun tartibini va davlat rahbarlariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning yakuniy variantlarini tayyorlash uchun Budapeshtda yig‘iladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan Budapeshtda bo‘lib turibdi. Kecha, 20 may kuni Budapesht shahridagi “Karmelita” saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida rahbarlar “Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida”gi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing