FIFA Panama futbol federatsiyasi prezidentini jazoladi
Sport
−
22 noyabr 1741 2 daqiqa
FIFA Etika qo‘mitasi Panama futbol federatsiyasi (FPF) prezidenti Manuel Ariasni olti oyga futbol bilan bo‘g‘liq har qanday faoliyatdan chetlatdi va 20 ming shveysariya franki miqdorida jarimaga tortdi. Bunga uning avval qo‘yilgan sanksiyaga to‘liq rioya qilmagani sabab bo‘ldi.
“Panama futbol federatsiyasi prezidenti Manuel Arias FIFA Tartib-intizom kodeksining 21-moddasini buzganlikda aybdor deb topildi va olti oy davomida futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi”, deyiladi FIFA bayonotida.
Qayd etilishicha, ushbu jazo Panama futbol federatsiyasi faoliyatiga to‘liq taalluqli emas, cheklov faqat ijroiya hokimiyati vakolatlariga tatbiq etiladi. Ariasga bundan avval ham jazo qo‘llangan. U 2025 yil 14 iyulda Panama ayollar terma jamoasi o‘yinchisiga nisbatan nomaqbul so‘z ishlatgani uchun sanksiya olgan edi.
Yangi sanksiya ortidan FPF ichida vaqtinchalik rahbarlik masalasi ham aniq bo‘ldi. Federatsiya birinchi vitse-prezidenti Fernando Arse Markaziy Amerikadagi futbol boshqaruvi uchun mas’ul vakil etib tayinlandi.
“Panama futbol federatsiyasi janob Manuel Ariasga 2025 yil 14 yanvarda qo‘yilgan sanksiyaga to‘liq rioya qilmagani sababli yangi jazo qo‘llanganidan xabardor qilindi. So‘nggi yillarda prezident Arias boshchiligida biz qisqa, o‘rta va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqdik hamda ichki boshqaruv jarayonlarini shaffof va samarali qilish ustida ishladik. Belgilangan sport va institutsional maqsadlar sari harakat qilishda davom etamiz”, deyiladi FPF bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) Janubiy Afrikaning “Orlando Payrets” klubiga Kongoning “Sent-Elua Lupopo” jamoasining kiyinish xonasiga zararli modda sepganlik uchun 25 ming AQSH dollari miqdorida jarima tayinlagan edi.
Live
Barchasi