Xitoyda uchar avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarish boshlandi

Texnologiya

image

Xitoyning XPeng elektromobil ishlab chiqaruvchisi vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega uchuvchi avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarishni sinov tariqasida yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishlab chiqarish jarayoni dunyodagi birinchi aqlli zavodda – Xitoy janubida joylashgan korxonada olib borilmoqda. Korxona allaqachon Land Aircraft Carrier deb nomlangan modulli avtomobilning ajratib olinadigan elektr uchish apparatini ishlab chiqargan.

Zavodning loyiha quvvati yiliga 10 mingta olinadigan aviatsiya moduli, dastlab esa 5 ming dona ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu ko‘rsatkich dunyoda shunday turdagi korxonalar orasida eng kattasi hisoblanadi. Zavod to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, har 30 daqiqada bittadan uchuvchi apparat yig‘a oladi.

XPeng kompaniyasi mahsulot taqdimotidan buyon deyarli 5 mingta “uchuvchi avtomobil” uchun buyurtma olgan. Ommaviy ishlab chiqarish va yetkazib berish 2026 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

“Uchuvchi avtomobil” olti g‘ildirakli yer transport vositasi va undan ajraluvchi vertikal uchish-qo‘nish apparatidan iborat. U avtomatik va qo‘lda boshqarish rejimlariga ega. Avtomatik rejimda u aqlli yo‘nalishni rejalashtiradi hamda bir tugmada uchish va qo‘nishni amalga oshiradi.

Transport vositasining uzunligi taxminan 5,5 metr bo‘lib, u odatiy haydovchilik guvohnomasi bilan oddiy yo‘llarda harakatlana oladi va standart avtoturargohlarda to‘xtashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Guanchjou shahrida aqlli uchar avtomobillar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Qurilish Xpeng kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan va loyiha maydoni 180 ming kvadrat metrni tashkil qilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy XPeng uchar avtomobil'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing