Pedofillarga umrbod qamoq: qonun loyihasi 3 oy muddatda ishlab chiqiladi
Jamiyat
−
03 mart 2123 8 daqiqa
O‘zbekiston Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar ma’lum jinoyatlarni sodir etganda ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Prezidentning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritadi:
- Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar quyidagi jinoyatlarni sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash:
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun og‘irroq javobgarlikni belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 129-moddasi dispozitsiyasiga aniqlik kiritish;
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun jazo sanksiyalarini oshirish, shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan bo‘lib, ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan hollarda javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirish.
Erta turmush qurish holatlarining oldini olish
Shuningdek, yoshlarning o‘z hayot yo‘lini ongli ravishda belgilashiga ko‘maklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida 2027 yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
- davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
- ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
- nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanadi.
Shu bilan birga, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
- kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
- talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
- homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;
- masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish;
- akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar yuzasidan alohida statistik ma’lumotlarni yuritish.
Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar latentligining oldini olish, qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash va bunday holatga tushib qolgan voyaga yetmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha idoralararo zanjirni yaratish maqsadida tartib o‘rnatiladi, unga ko‘ra:
- erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanadi;
- erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik aniqlangan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi va himoya qilinishini ta’minlash kafolatlari nazarda tutiladi.
Ichki ishlar vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
- 2026 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “O‘smir-signal” modulini ishlab chiqadi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, diniy idora hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qiladi.
- Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi.
Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili hamda erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar yuzasidan xabar berish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar bilan kelishgan holda har yarim yillik yakuniga ko‘ra mazkur masala bo‘yicha idoralararo qo‘shma umumlashtirishni o‘tkazib, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish amaliyotini joriy etadi.
2026 yil 1 apreldan boshlab himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.
Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda zo‘ravonlik holatini sodir etgan shaxsning ruhiyatida buzilish mavjud deb taxmin qilishga asoslar bo‘lgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan uning majburiy ambulator psixiatr ko‘rigidan o‘tkazilishini tashkil etish, ruhiyatida buzilish aniqlanganda belgilangan tartibda tibbiy muassasaga joylashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritadi.
Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 2026 yil 1 noyabrdan boshlab quyidagi tartiblarni belgilash haqidagi takliflariga rozilik beriladi:
- Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281 (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish;
- voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuborish.
Keng jamoatchilik, ekspert va faollarning jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflari ma’qullanadi:
- Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish;
- mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan mahkumlarni psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yish.
2027 yil 1 yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilanadi.
Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi 2026 yil yakuniga qadar har bir hududdagi ish hajmidan kelib chiqqan holda kamida 1 nafar tergovchi va sudya xalqaro standartlarga asoslangan dastur asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilishi hamda ular tomonidan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka oid ishlar tergov qilinishi va ko‘rilishini ta’minlasin. Bunda qoida tariqasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishda ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik berilishiga e’tibor qaratilsin;
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturini tashkil etadi.
Live
Barchasi