Putin Rahmonga rus tilini qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat aytdi
Olam
−
09 Oktabr 3532 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Tojikistonda rus tiliga ko‘rsatayotgan e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Putin bugun, 9 oktyabr kuni Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi muzokaralar yakunida matbuot uchun bergan bayonotida so‘z ochdi.
“Ma’lumki, Tojikistonda rus tili millatlararo muloqot tili sifatida konstitutsiyaviy maqomga ega. Respublika Prezidenti (Imomali Rahmon) bu masalaga katta e’tibor qaratayotganini bilamiz va chin dildan minnatdorlik izhor etamiz”, deydi u.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Dushanbe va Tojikistonning boshqa shaharlaridagi beshta maktabda Rossiya ta’lim dasturlari va standartlari asosida taxminan 5,7 ming nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. “Chet elda rus o‘qituvchisi” tashabbusi doirasida o‘tgan yili Tojikistonga Rossiyadan 100 dan ortiq pedagog yuborilgan.
Shuningdek, Rossiya oliy ta’lim muassasalari, ularning Tojikistondagi filiallari hamda Rossiya-Tojikiston slavyan universitetida jami 35 mingga yaqin talaba tahsil olayotgani qayd etilgan. Putinning aytishicha, Tojikiston MDH davlatlari orasida Rossiya tomonidan ajratilgan eng katta davlat stipendiya kvotalaridan birini – ming o‘rinlik kvotani olgan.
Bundan tashqari, Rossiya ko‘magida Dushanbeda iqtidorli bolalar uchun xalqaro ta’lim markazi va Vladimir Mayakovskiy nomidagi davlat rus drama teatri yangi binosi qurilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgani haqida xabar berilgan edi. Putinning safari uch kun – 8 dan 10 oktyabrgacha davom etadi. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, safar uch qismdan iborat: davlat tashrifi, “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammiti.
Live
Barchasi