“Salomatligi og‘ir”. Mubashshir Ahmad koloniyada yomon sharoitda saqlanayotgani aytildi

3-sahifa

image
Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya kiritadimi? Advokat va jamoatchilik hukmdan norozi. north_east

Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya kiritadimi? Advokat va jamoatchilik hukmdan norozi.

Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Navoiydagi Jazoni ijro etish koloniyasida salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga qaramay, og‘ir sharoitda saqlanmoqda. Bu haqda Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Advokatga ko‘ra, Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) bugungi kunda tayinlangan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda.

Garchi, tergov va sud jarayonlarida ham bir necha marotaba Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligining II-turi bilan ancha yillardan buyon og‘rib kelishi, ushbu shaxsni qamoqda saqlab bo‘lmasligi yuzasidan iltimosnomalar kiritilgan bo‘lsa-da, ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmagan.

Qayd etilishicha, 2025 yilning 26 noyabr kuni advokatlar Tursunov bilan bevosita 5-sonli JIEKda uchrashgan vaqtida, mahkumning qon bosimi bir necha marotaba 180 mm rt. st. dan oshgani, qandli diabet kasalligi oqibatida buyraklari yaxshi ishlamayotgani, oyoqlari ishib ketgani va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘lig‘i va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Qolaversa, ushbu fakt advokatlar tomonidan berilgan advokatlik so‘roviga javoban taqdim etilgan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan.

ЖИЭД 5-sonli Jazoni ijro etish колонияси tomonidan advokatlarga berilgan жавob хати

26 dekabr kuni advokatlar tomonidan Mubashshir Ahmad bilan takroran uchrashilganda, u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmaganini, uni faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishganini, lekin yotqizib davolashmaganini, dori vositalari bilan ta’minlanmaganini, oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini ma’lum qilgan.

Biroq advokatlar tomonidan ikki marotaba IIV JIEDga murojaat bilan borilganda, departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i tomonidan mahkum bir necha marotaba tibbiy punktda davo muolajalari olgani, bugungi kunda ham davolanayotgani, sog‘lig‘i yaxshi holatda ekani, shu sababli ishga olib chiqilayotgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan.

Qolaversa, jazoni o‘tash davomida Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilayotgani aytildi.

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, himoyasida bo‘lgan shaxs sog‘lig‘ining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda.

“Alisher Tursunovning sog‘lig‘i yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotgani, oyoqlari ishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?” deydi Abdulloh Sodiq.

Unga ko‘ra, yuqoridagi fakt, ya’ni 2025 yil 28 oktyabrda etap qilingan mahbusning 1 oy ichida 3 marotaba davolangani, qandli diabet, artroz, stenokardiya va boshqa shu kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rishi ushbu shaxsni ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tay olmasligini anglatadi.

Shuningdek, Tursunov o‘zining so‘zlarida 2026 yilning 11 martida qonun bo‘yicha jazoning 3/1 qismini o‘tab bo‘lgani sababli manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerakligini, lekin unga har-xil tazyiqlar o‘tkazilib, arzimas narsa bilan qoidabuzarlik rasmiylashtirib, o‘tkazilishini kechiktirishga harakat bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

Bundan tashqari, Mubashshir Ahmad   muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahbuslar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganidan, bir misol: kimdir oddiy shamollasa 5-6 kunlab tibbiy punktda davolanib chiqishini, biroq uning shuncha kasalligi bo‘lsa-da, oyoqlari ishib ketgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda ahvoli kritik darajada bo‘lsa-da davolanishga ruxsat yo‘qligini, faqat ishga chiq deb majburlashlarini bildirgan.

Qolaversa, u oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotgani haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qolayotgani, faqat og‘riq qoldiruvchi ukol qilishlari va bu vaqtinchalik chora ekanini, keyin yana og‘riqlar davom etib, yurishga qiynalayotganini ma’lum qilgan.

“Shu holida, A.Tursunov ikkinchi qavatdagi krovatda uxlashga majbur. Oyog‘idagi yara har bir chiqish va tushishda unga azob bermoqda. Bir necha marotaba yiqilib tushishiga ham sabab bo‘lgan. Achinarlisi, himoyamdagi shaxsga advokatlarining kamroq uchrashuvga kelishi, iloji bo‘lsa umuman kelmasligi uqtirilib, bosimlar bo‘lmoqda”, deydi Abdulloh Sodiq.


Maqola muallifi

Teglar

bloger Mubashshir Ahmad Salomatligi Diniy olim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing