“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga huquq-tartibot xodimlari va harbiylar jalb etiladi 

Jamiyat

image

Maktablardagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida huquq-tartibot xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 24 may kuni ertalabki soat 8:00 dan 10:00 ga qadar respublikadagi 10 mingdan ortiq maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami nishonlanadi. Ushbu ta’lim muassasalaridagi tadbirlarda 1-sinf, 9-sinf, 11-sinf bo‘lgan jami 2 milliondan ortiq bitiruvchilar hamda ota-onalar, murabbiylar va jamoatchilik faollarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Respublika hududida o‘tkaziladigan tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun jami 27 mingdan ortiq Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilari biriktiriladi. Tadbir o‘tkaziladigan ta’lim muassasalari tegishli mutasaddi idoralar xodimlari tomonidan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilgan va qo‘riqlash pultiga ulangan. Video kuzatuv kameralari esa hududiy ichki ishlar organlarining situatsion markazlariga integratsiya qilingan.

Bundan tashqari, maktablarda o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan yoshlarning xiyobonlar va istirohat bog‘lariga hordiq chiqarish uchun kelishi kutilmoqda. Ushbu joylarda xavfsizlikni ta’minlashga jami 5 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va harbiy xizmatchilari biriktiriladi.

Hududlardagi bevosita yo‘l chetida joylashgan maktablar oldida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi va maktablarning joylashgan joyiga qarab transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanishi mumkin.

IIV 24 may kuni imkon qadar barchaga jamoat transportida harakatlanishni tavsiya etmoqda. Shuningdek, ota-onalar va kattalardan bitiruvchilarning yarim tungacha istirohat bog‘larida yurishi, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishi, ko‘chalarda guruh-guruh bo‘lib kortejlarda yurishi, avtomashina, skuter, samokatlarni olib boshqarishi, anhor, kanal va cho‘milish havzalarida suzishi, o‘zlarining yonida tig‘li kesuvchi, sanchuvchi hamda boshqa inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan buyumlarni olib yurishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘quv yilining oxirgi kuni 25 may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24 may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangani xabar qilingandi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Milliy gvardiya Maktab So'nggi qo'ng'iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing