Toshkentda fuqaro IIO xodimiga 10 ming dollar pora berdi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida fuqaro jinoyat qidiruv vakiliga aniqlangan holat yuzasidan chora ko‘rmaslikni so‘rab, 10 ming dollar bergan vaqtida ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shayxontohur tumani IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘z uyida giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotgan shaxs aniqlangan. Ushbu jarayonda gumonlanuvchi jinoyat qidiruv vakiliga aniqlangan holat yuzasidan chora ko‘rmaslikni aytib, katta miqdorda pora taklif qilgan. IIO xodimi porani rad qilib, pora berish va olish qonunga xilof ekanini bir necha marta ta’kidlagan. Ammo fuqaro fikrida qat’iy turib olgan.

Shundan so‘ng, xodim poytaxt IIBBga bildirgi orqali murojaat qilgan. Ushbu bildirgi asosida IIV va prokuratura ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi fuqaro 10 ming dollar bergan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Qayd etish joiz, 2025 yilning boshidan to hozirgi kungacha O‘zbekistonda IIO xodimlariga 117 fuqaro pora bergan vaqtida qo‘lga olingan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, IIBB xabarida keltirilishicha, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan “Dolzarb 20 kunlik” tezkor profilaktik tadbirlari boshlanganidan shu kunga qadar Toshkent shahrida 270 ta jinoyat fosh etilgan. 272 ta jinoyat ishi ochilgan. 117 ta holatda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlangan. Tadbirlar davomida 4 kg 578 gr narkotik, 1000 ta kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tarqalishining oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirida jinoyat ishini tugatish uchun tergovchiga pora bergan shaxs ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

IIO pora berish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing