Toshkentdagi issiqxona, qurilish va sanoat korxonalari tekshirilmoqda

Jamiyat

image
Poytaxt havosining ifloslanish sabablari e’lon qilindi (video) north_east

Poytaxt havosining ifloslanish sabablari e’lon qilindi (video)

Havodagi zaharli chang qachongacha saqlanib qolishi aytildi north_east

Havodagi zaharli chang qachongacha saqlanib qolishi aytildi

Bir necha kundan buyon Toshkent shahri va unga tutash hududlar havosida zaharli PM2.5 zarrachalari saqlanib qolmoqda. Ushbu holat ortidan poytaxtdagi issiqxona, sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatilib, reydlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, geografiya fanlari doktori Doniyor Turg‘unov ma’lumot berdi.

Uning bildirishicha, havo ifloslanishi kichik gradiyentli, yuqori bosimli atmosfera jarayoni hisoblanadi. Jarayon oqibatida inversiya xossalari saqlanib qolmoqda. Inversiya hodisasi havoning vertikal harakatini belgilab beradi. Bunday vertikal harakatning noto‘g‘ri taqsimlanishi oqibatida atmosfera havosining ifloslanish turg‘unligi ma’lum darajada saqlanib qolmoqda. Oqibatlarni yumshatish chora-tadbirlari olib borilmoqda.

Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzurida hozirda tunu-kun 24/7 rejimda faoliyat olib boruvchi tezkor shtab tashkil etilgan. Ushbu shtab tezkor tahlil va ilmiy natijalarga asoslangan holda, o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Bu faoliyat natijasida joylarda bir qator amaliy ishlar bajarilgan. Xususan, Toshkent shahrida ko‘chalarni changdan tozalash va yuvish jarayonlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri hududiga chegaradosh bo‘lgan hududlarda joylashgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyati o‘rganilgan. Atmosferaga ta’siri yuqori bo‘lgan 106 ta issiqxona xo‘jaligi faoliyati cheklab qo‘yilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari ham nazoratga olingan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, qurilish qoidalarini buzgan va atmosfera havosiga ta’siri yuqori bo‘lgan 14 ta qurilish jarayoniga ogohlantirishlar berilgan hamda qurilish ishlarini qanday tartibda davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Shu bilan birga, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda joylashgan birinchi va ikkinchi toifaga kiruvchi sanoat korxonalari faoliyati ham tahlil qilingan. Tahlil natijasida 305 ta sanoat korxonasida mavjud bo‘lgan 883 ta chang-gaz tozalash uskunalarini modernizatsiya qilish ishlari boshlangan.

Bundan tashqari, hozirgi kunda tezkor shtab tomonidan ko‘riladigan choralar muhokama qilinmoqda, yangi dasturlar ishlab chiqilmoqda. Dasturlar ikki qismga bo‘lingan: birinchi qism – tezkor choralar, ikkinchi qism – keyingi strategik choralarni belgilaydi. Ushbu dastur ishlab chiqilishida Ekologiya qo‘mitasi, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mutaxassislar va olimlar jalb etilgan. Yaqin kunlarda ushbu dasturni tasdiqlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritish rejalashtirilgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri havo sifatining buzilishi bo‘yicha dunyoda yetakchi shaharlar qatorida turibdi. Masalan, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketgandi. 16 noyabr kuni ham Toshkent atmosferasidagi mayda zarrachalar miqdori me’yordan bir necha baravar oshdi. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.

PM2.5 nima?

PM2.5 bu – havoni ifloslantiruvchi moddalar bo‘lib, tarkibiga qattiq mikrozarralar ham, eng mayda suyuqlik tomchilari ham kiradi. Ularning ikkalasi ham taxminan 10 nanometrdan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan o‘lchamga ega. Yirikroq zarralardan farqli o‘laroq, PM2.5 biologik to‘siqlardan oson o‘tadi va shu sababli organizm uchun katta xavf tug‘diradi.

2,5 mikrometrdan kichik bo‘lgan barcha zarra va tomchilar havoda muallaq turadi. Ular o‘rmonlarda ham, dengiz bo‘yida ham mavjud, ammo aynan shaharlarda xavfli hisoblanadi. Birinchidan, shaharda ularning miqdori ancha ko‘p bo‘ladi, ikkinchidan esa mayda dispers aerozolning kimyoviy tarkibi tabiatdagiga qaraganda ancha xavfli bo‘ladi. Qolaversa, turli shaharlarda PM2.5 aerozolining tarkibi ham, alohida zarralarning xususiyatlari ham keskin farq qilishi mumkin.

Birlamchi PM2.5 – havoga “tayyor holatda” chiqariladigan zarralar. Ular tutun, asfalt va avtomobil shinalarining mayda qismlari, mineral tuzlar (sulfatlar, nitratlar), og‘ir metall birikmalari (asosan oksidlar) tarkibida paydo bo‘ladi. Biologik ifloslantiruvchilar (ba’zi allergenlar va mikroorganizmlar) ham PM2.5 tarkibiga kiradi.

Ikkinchi darajali PM2.5 – ular atmosferaning o‘zida hosil bo‘ladi. Masalan, shahar havosiga azot va oltingugurt oksidlari chiqariladi, ular suv bilan reaksiyaga kirishib kislotalarga aylanadi va shu kislotalardan qattiq tuz zarralari (nitratlar, sulfatar) hosil bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qurilish maydonlarida ba’zi talablarga amal qilinishi kerakligini eslatib, ushbu talablardan bo‘yin tovlagan qurilish tashkilotlari javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent atmosfera havo ekologiya PM2.5

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing